Chekka qishloqda yangi maktab va bog‘cha ochildi
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan Navbahor qishlog‘i aholisining quvonchi cheksiz. Bu yerda yangi 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
E’tiborlisi, smeta bahosi 5,5 milliard so‘mga baholangan ushbu muassasa investitsion dasturlarsiz, qishloq aholisining hamjihatligi, tashabbuskorligi, tadbirkorlarning homiyligi hamda tuman rahbarlarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida hashar yo‘li bilan bunyod etildi.


Ochilish marosimida ishtirok etgan Prezident maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov aholining birdamligi, hamjihatligi asosida amalga oshirilgan ezgu tashabbuslarni e’tirof etdi.
Shuningdek, tumanning Irg‘oli qishlog‘ida 330 o‘rinli yangi 62-maktab binosi ham foydalanishga topshirildi.
“Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida ajratilgan 900 million so‘m mablag‘ hisobiga maktab binosi qurib bitkazildi. Viloyat hokimligi tomonidan viloyat mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan ajratilgan 1,5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga maktabga zamonaviy sport zali ham qurib berildi. Maktab uchun tuman mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan ham 360 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.


Avvallari qishloq yoshlari shu hududdagi 30-maktabning filialida boshlang‘ich ta’limni olishgach, yuqori sinflarda o‘qish uchun har kuni 2-3 kilometr piyoda yo‘l bosib, qo‘shni qishloqdagi maktabga qatnashgan. Bu esa ular va ota-onalar uchun noqulayliklar tug‘dirar edi. Shuning uchun ham yangi binoning ish boshlashi qishloq ahlini sevintirdi.
Mehmonlar maktab binosini va sinfxonalarni ko‘zdan kechirib, o‘quvchilar va maktab jamoasi bilan suhbatlashdi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri