Chekka qishloq aholisi o‘zgarishlardan mamnun
Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi Madaniyat qishlog‘ida keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15-16-fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida aholining turmush farovonligini oshirish, fuqarolar bandligini ta’minlash, har bir hududning imkoniyatidan kelib chiqib, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish bo‘yicha qator topshiriq hamda vazifalarni belgilab bergan edi.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish – milliy uyg‘onish” tamoyili asosida kambag‘allikdan chiqarish va aholi daromadlarini oshirish, yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha viloyat hokimining seminarlari o‘tkazilmoqda.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, mahallalar faollari, oqsoqollari, yoshlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Madaniyat qishlog‘ida o‘tkazilgan seminarda mahallalardagi muammolar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyatning chekka, Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh hududlaridan biri bo‘lgan Madaniyat qishlog‘ida 7 ta mahalla fuqarolar yig‘ini joylashgan. Ana shu mahallalar aholisi asosan, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Yillar davomida ushbu mahallalarda qator muammolar yig‘ilib qolgan.
Viloyat hokimining topshirig‘i bilan mahallalardagi har bir xonadon o‘rganib chiqilmoqda. Shu kunlarda yo‘l, suv, gaz, umuman, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ko‘cha va guzarlarni obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
[gallery-16757]
Qishloqdagi qarovsiz holatga kelib qolgan madaniyat va istirohat bog‘ini ta’mirlash, obod qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha doirasida ham ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, bog‘ hududiga "Andijonyo‘lko‘kalam" unitar korxonasi tomonidan 500 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi.
Odamlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, xonadonlarni obodonlashtirish, aholining mavjud imkoniyatlarini to‘laqonli ishga solish, tomorqadan unumli foydalanish, ishsiz aholi bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yig‘ilishda ana shu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirish uchun fuqarolarga subsidiya, kreditlar ajratilishi, zarur yordamlar ko‘rsatilishi alohida ta’kidlandi.
Qishloq aholisi, ayniqsa, ehtiyojmand oilalar vakillari, bolalar, ayollar, nogiron va yolg‘iz yashovchi keksalar salomatligini ko‘rikdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shifokorlar xonadonma-xonadon yurib, ularning salomatligini nazoratdan o‘tkazmoqda.
Qishloqda viloyat tibbiyot muassasalarining turli yo‘nalishlardagi 20 nafardan ortiq malakali shifokor-mutaxassislari ishtirokida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Ko‘rikning birinchi kunida 700 nafarga yaqin fuqaroning salomatligi nazoratdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida turli xastaliklar borligi aniqlangan 122 nafar kishiga bepul davolanish uchun tibbiyot muassasalariga orderlar berildi.
Bundan tashqari, “Inson” ijtimoiy himoya markazi tomonidan 12 nafar nogiron shaxsga nogironlik aravachasi topshirildi, 4 nafar fuqaroning nogironlik guruhini belgilash bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazildi, 2 nafar fuqaroga Toshkent shahrida davolanishi uchun bepul yo‘llanma berildi.
Bo‘layotgan o‘zgarishlar, obodonlashtirish ishlari, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan qulayliklardan qishloq ahli behad mamnun bo‘lmoqda. Ana shu o‘zgarishlar ularning qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari