Chegaradosh Polshaning muhim hissasi...
Rossiya – Ukraina
NATO Harbiy qo‘mitasi rahbari Rob Bauer bayonot berishicha, Ukraina qarshi hujumni tugallamaguncha, qiruvchi uchoq olmaydi. U “LBC” radiostansiyasiga bergan intervyusida, jumladan, shunday degan:
– Kiyevni qiruvchi samolyot bilan ta’minlash mavzusi keskin bahs keltirib chiqardi, ammo “bu masala yaqin kelajakda hal bo‘lmaydi. Qarshi hujum nihoyasiga yetmaguncha, uchuvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi texnik mutaxassislar tayyorlashga erishib bo‘lmaydi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Germaniya kansleri Olaf Shols bilan telefon orqali gaplashganini yozgan. U suhbatdoshi bilan jangovar harakatlar, Vilnyus sammiti va Kiyevning kelajakdagi xavfsizligi kafolati muhokama qilinganini bildirdi.
NATO sammiti arafasida ko‘plab davlatlar Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilgunigacha xavfsizlik kafolati berishi mumkin. Bu haqda Yaponiyaning “NHK” telekanali muxbiriga sobiq Bosh kotib Anders Fog Rasmussen (2009-2014) ma’lum qildi. Bayonotda ta’kidlanishicha, Ukrainaning NATOga kirishi “Yevropada uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlik ta’minlanishi”ga xizmat qiladi.
Germaniyaning Ayzenxyuttenshtadt shahrida Ukrainaga nemis harbiy qurol-yarog‘i yetkazib berilishiga qarshi o‘ttiz kishilik namoyish o‘tkazilgan. “DPA” agentligi xabar berishicha, aksiya mamlakat tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning mahalliy maktabda yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashuvi paytiga to‘g‘rilangan.
Germaniya Polshaga bergan Amerikaning havo hujumidan mudofaa tizimi – “Patriot” va shu kabi boshqa qurolari Kiyevga yetkazib berilayotgan aslahalar xavfsizligini ta’minlaydi. Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashak ayni mazmunda bayonot bergan.
“Polsha Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynamoqda, Kiyevga barcha texnika vositalari bizning hudud orqali yetkazilmoqda”, qo‘shimcha qildi mulozim.
Daniya Ukrainani qayta tiklash uchun 90 million dollar ajratganini ma’lum qildi. Bu mavzuda Qirollik TIV quyidagi bayonotni berdi:
Ayni mablag‘ inqirozdan zarar ko‘rgan tumanlardagi “maktab, kasalxona va poliklinikalarni, bomba xurujidan saqlanish, suv-issiqlik va energiya ta’minoti inshootlarini tiklashga yo‘naltiriladi.
Prezident Zelenskiy “Kiyevning AQSH Markaziy razvedka boshqarmasidan berkitadigan siri yo‘q”ligini bildirdi.
“Mazkur idora rahbari Uilyam Berns bilan yaxshi munosabatdamiz”, dedi u “CNN” telekanaliga. Davlat rahbari qayd etishicha, uning Berns bilan barcha uchrashuvlari kadr ortida qolmog‘i kerak.
Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko G‘arb mamlakatlaridan mablag‘ olishda ko‘p tomonlama banklar bilan bahslashishga to‘g‘ri kelayotganidan norozi bo‘lib gapirdi. “Financial Times” nashri bilan suhbat chog‘ida u “taraqqiyot banklariga donor mamlakatlardan o‘tgan mablag‘larni olishda ko‘plab muammolar kelib chiqayotgani”ni qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jahon banki fevral oyida ajratgan 23 milliard dollarning ko‘p qismi AQSH tomonidan moliyalashtirilishi kafolati berilgan.
“Biz Vashingtondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ olishni istaymiz”, degan Marchenko.
Abror XON,
O‘zA