Chegarachilar bayramni yangi uyda nishonlashdi
Harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z mevasini bermoqda. Xususan, Navro‘z bayrami arafasida Davlat xavfsizlik xizmatiga qarashli Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi harbiy qismlardan birida xizmat qilayotgan chegarachilarga yangi xonadonlar kalitlari tantanali topshirildi. Shuningdek, hududda ularning farzandlari uchun 30 o‘rinli 19-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti filiali binosi va sport maydonchalari faoliyat boshladi.
Tantanali tadbirda ishtirok etgan viloyat sektorlari rahbarlari, DXX chegara qo‘shinlari vakillari, nuroniylar va boshqalar harbiy xizmatchilarni bayram bilan qutladi, ularga sarhadlarimiz dahlsizligini saqlashda muvaffaqiyat tiladi.
Shuningdek, tadbir davomida Qashqadaryo viloyati DXX chegara qo‘shinlari rahbariyati tomonidan tuman hokimi Sherali Sanayev va hokimning chegara masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xurshid Sharopovga tashakkurnomalar topshirildi.
[gallery-11096]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.