Chavandozlarimizning Moskvadagi muvaffaqiyati
Rossiyaning Moskva shahridagi “Maxima stables” ot sporti klubida konkur bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda yurtimiz chavandozlari muvaffaqiyatli qatnashdi.
Musobaqada yosh sportchimiz Boburjon Valijonov “Lady” laqabli otida 100 santimetr balandlikdagi to‘siqlar yo‘nalishida g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ushbu yo‘nalishda kumush va bronza medallari “Lamark” va “Luidor” nomli otlarda ishtirok etgan Rossiya sportchisi Artur Fokaga nasib etdi.

Ahamiyatlisi, Bobur Valijonov 110 santimetr balandlikdagi to‘siqlar dasturida ham birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
O‘zbekiston terma jamoasining yana bir a’zosi Umid Komilov turnirning Yevrosiyo ligasi jahon kubogi finalida 150 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan o‘tish dasturida “Numbero Uno Rafayel” laqabli otda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA