Charchadingizmi, toʻxtang va dam oling!
Bugun bu gapni viloyatlararo yoʻnalishlarda harakatlanayotgan va muntazam yoʻl-patrul xizmati maskanlaridan oʻtayotgan aksariyat haydovchilar eshitadi. Nima uchun?
Bugun bu gapni viloyatlararo yoʻnalishlarda harakatlanayotgan va muntazam yoʻl-patrul xizmati maskanlaridan oʻtayotgan aksariyat haydovchilar eshitadi. Nima uchun?
Gap shundaki, koʻcha doimo tasodiflarga toʻla. Shu sababli ham yoʻlda hamisha hushyor boʻlish, harakatlanish xavfsizligi talablariga amal qilish zarur. Ayniqsa, uzoq masofalarga qatnaydigan, yoʻlovchi tashiydigan transport vositalari haydovchilari bunga jiddiy eʼtibor qaratishi kerak boʻladi. Agar tahlillarga nazar tashlaydigan boʻlsak, aksariyat yoʻl-transport hodisalari tungi vaqtda sodir boʻladi. Bunga asosiy sabab haydovchilarning oʻta charchoq holatda uxlab qolishidir. Dam olmasdan harakatlanish, boz ustiga avtomobilning isitish tizimini yoqish va salon ichining issiq boʻlishi haydovchining uxlab qolishiga sabab boʻluvchi asosiy omillardan sanaladi.
Shuni inobatga olgan holda mamlakat Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tungi vaqtlarda muntazam yoʻl-patrul xizmati maskanlarida maxsus tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, uzoq masofalarga qatnovchi transport vositalari haydovchilari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilmoqda. Yoʻl-patrul xizmati maskanlariga qoʻyilgan maxsus ekranlarda qoidabuzarliklarning ayanchli oqibatlari aks ettirilgan lavhalar namoyish etilmoqda.
Yoʻl-patrul xizmati inspektorlari har bir haydovchi bilan alohida suhbatlashish jarayonida uning holatiga ham eʼtibor qaratmoqda. Charchash alomatlari sezilgan holda haydovchiga bir oz dam olish, ochiq havodan nafas olish, issiq qahva, choy ichish taklif etilayapti. Bu tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilgan.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad esa harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan. Shunday ekan, charchadingizmi, toʻxtang va bir oz dam oling.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV
YHXBB Axborot xizmati