“CENTRUM AIR” Hindistonga haftalik parvozlar qatnovini oshirdi
“Centrum Air” aviakompaniyasi ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovini mustahkamlash maqsadida parvozlar sonini haftasiga 5-martagacha oshirganini e’lon qildi.
Parvozlar chastotasining oshirilishi ikki davlat o‘rtasida turizm, tadbirkorlik, tibbiy turizm va madaniy aloqalarning rivojlanishi natijasida yuzaga kelgan yuqori talab bilan izohlanadi. “Centrum Holding” asoschisi va rahbari Abdulaziz Abdurahmonov Hindiston aviakompaniya uchun strategik bozor ekanini va ushbu qadam yo‘lovchilar oqimining barqaror o‘sishiga bo‘lgan ishonch samarasi ekanini ta’kidladi. Aviakompaniyaning Hindistondagi bosh agenti (GSA) — “Aeroprime Group” rahbari Abhishek Goyal ushbu yangilikni Hindiston-O‘zbekiston transport yo‘lagi rivojidagi muhim tarixiy bosqich deb baholadi.
O‘zbekiston yiliga 33 million xalqaro sayohat amalga oshiriladigan, dunyodagi eng tez rivojlanayotgan Hindiston turizm bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlash ustida faol ishlamoqda. O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi va Turizm qo‘mitasi hamkorlikda Haydarobod va Chennai shaharlarida yirik taqdimotlar (roudshou) o‘tkazdi. Tadbirlarda Hindistonning 70 dan ortiq yetakchi sayyohlik agentliklari va turoperatorlari ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston bozori O‘zbekiston sayyohlik sektorining o‘sish strategiyasida markaziy o‘rin tutishini ta’kidladi. U hind sayyohlarini yurtimizning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishishga taklif etdi. Aviaqatnovlarning diversifikatsiya qilinishi va yangi kelishuvlar hamkorlikni sezilarli darajada yengillashtirmoqda: “Uzbekistan Airways” va “Air India” o‘rtasidagi kodsher hamkorligi Dehli-Toshkent va Mumbay-Toshkent yo‘nalishlarida sayohatlarni osonlashtirdi, shuningdek, Goadan mavsumiy parvozlarni yo‘lga qo‘yishga imkon berdi.
Dehli va Namangan o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov hind sayyohlari uchun go‘zal Farg‘ona vodiysini kashf etish imkoniyatini yaratdi. O‘zbekiston faqat an’anaviy obidalar va tarixiy qadamjolarni ko‘rsatish bilan cheklanib qolmoqchi emas. Mamlakat Hindistondan bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha sifatli va premium-klass sayyohlarini jalb qilishni maqsad qilgan. Xususan, MICE turizm (korporativ uchrashuvlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalar), tantanalar va to‘y turizmi (hind oilalarining hashamatli to‘y marosimlarini O‘zbekistonda o‘tkazish) shular jumlasidan.
Havo qatnovlari chastotasining oshishi va yangi yo‘nalishlarning ochilishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va xalqlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Hindiston bozoriga qaratilgan bunday faol va tizimli targ‘ibot kampaniyalari O‘zbekiston turizm industriyasining eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
UzA