CAFA chempionlari uyda: O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi tantanali ravishda kutib olindi (foto)
Viktoriya Sirota boshchiligidagi qizlarimiz musobaqa davomida muvaffaqiyatli to‘p surib, chempionlik unvonini qo‘lga kiritishdi.
Tojikistonda bo‘lib o‘tgan CAFA U-20 Women’s Championship 2026 turnirida zafar quchgan O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi yurtimizga qaytib keldi.
Viktoriya Sirota boshchiligidagi qizlarimiz musobaqa davomida muvaffaqiyatli to‘p surib, chempionlik unvonini qo‘lga kiritishdi. Jamoamiz dastlab Qirg‘izistonni minimal 1:0 hisobida yenggan bo‘lsa, ikkinchi turda mezbon Tojikiston darvozasiga javobsiz 7 ta gol urdi. Eronga qarshi kechgan hal qiluvchi bahs esa 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Natijada, 3 uchrashuvda 7 ochko jamg‘argan vakillarimiz CAFA U-20 turniri g‘olibi degan sharafli nomga sazovor bo‘lishdi. Shuningdek, terma jamoamiz "Fair Play" sovriniga loyiq ko‘rildi. Turnir yakunlariga ko‘ra, Shahnoza Dekanboyeva musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan bo‘lsa, Shahzoda Alixonova eng yaxshi to‘purar nomini qo‘lga kiritdi.
Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati boshchiligida chempion qizlarimiz ko‘tarinki kayfiyatda tantanali ravishda kutib olindi.








