“Byurokratiyani bartaraf etish — 2030”: Raqamli boshqaruv va xalq ishonchini mustahkamlashning yangi bosqichi
2026-yil 12-may kuni “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi doirasida vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari uchun xalqaro seminar-treningning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik tadbir Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ekspertlari ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Mohamed Rashid bin Taliah, BAAning xizmatlarni rivojlantirish va “Zero Bureaucracy” dasturlari ijrochi direktori Hisham Amiriy hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi “Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Dasturning asosiy maqsadi — davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun davlat xizmatlari sifati va ochiqligini yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat.
[gallery-29361]
Bugungi kunda davlat xizmatlariga bo‘lgan talab yuqoriligi islohotlarning dolzarbligini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2026-yil boshidan buyon my.gov.uz portali orqali 24 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash, ijtimoiy to‘lovlarni rasmiylashtirish va mulkiy huquqlarni qayd etish sohalarida hanuz ortiqcha hujjatbozlik va murakkab ma’muriy jarayonlar saqlanib qolmoqda. Seminar davomida BAA Bosh vaziri kansleriyasi, Adliya, Sog‘liqni saqlash, Energetika va infratuzilma vazirliklari mutaxassislari “Zero Government Bureaucracy” tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani taqdim etdilar.
Tadbir doirasida “Zero Bureaucracy” raqamli platformasi (www.byurokratiyasiz2030.uz) namoyish etildi. Mazkur platforma ma’muriy jarayonlarni tahlil qilish, to‘siqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish imkonini beradi. Platforma idoralararo hamkorlik uchun yagona raqamli muhitni shakllantirib, islohotlar samaradorligini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholashga xizmat qiladi.
Dasturning mohiyati — har bir qaror qabul qilish bo‘g‘ini va murojaatlar bilan ishlash tizimini tanqidiy tahlil qilishdir. Buning natijasida ma’muriy tartib-taomillar soddalashtiriladi, boshqaruv darajalari o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlanadi va jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Bu chora-tadbirlar davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashning muhim vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA