Byudjetga 380 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha tushum ta’minlandi
Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘.Nasirov raisligida Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i S.Po‘latov ishtirokida «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda kompleksning hisobot davridagi faoliyati atroflicha muhokama qilinib, amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi. Shuningdek, belgilangan vazifalar ijrosi sarhisob qilinib, yilning ikkinchi yarmida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Qayd etilganidek, 2026-yil yanvar–iyun oylarida kompleks orqali rasmiylashtirilgan tashqi savdo hajmi 2,3 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga ko‘p.
Eksport hajmi ham sezilarli o‘sib, 618 million AQSH dollariga yetdi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,7 barobarga oshgan. Bu natijalar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilayotgan qulayliklar, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish borasidagi ishlar samaradorligini ko‘rsatadi.

Bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, xavflarni boshqarish tizimi samaradorligini oshirish hamda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish natijasida davlat byudjetiga 380 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirildi. Shuningdek, «Bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimi doirasida 30,5 million AQSH dollari miqdorida eksport va reeksport operatsiyalari amalga oshirildi.
Mazkur ko‘rsatkichlar bojxona nazorati va ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlardan foydalanish, tashqi savdo operatsiyalarini qonuniy va shaffof amalga oshirishni ta’minlash borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hisobot davrida bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish yo‘nalishida ham salmoqli natijalar qayd etildi. Xususan, umumiy qiymati 85,4 milliard so‘mlik noqonuniy tovarlarni mamlakat hududiga olib kirishning oldi olindi. Bundan tashqari, tamaki mahsulotlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha ham samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Kengash yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Faoliyat davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy-tahliliy jihatdan ko‘rib chiqilib, ularga yo‘l qo‘ygan tarkibiy tuzilmalar rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi. Shuningdek, xizmat intizomini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish va xodimlarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish, davlat byudjetiga tushumlarni ko‘paytirish, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklarni kengaytirish hamda bojxona sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi tashqi savdo jarayonlarini yanada qulaylashtirish, bojxona nazorati samaradorligini oshirish, qonuniy tovar aylanmasini rag‘batlantirish va davlat byudjeti daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA