Byudjet mablag‘laridan qanday foydalanilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida 2026-yilning birinchi yarim yilligida Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Madaniyat, Sport vazirliklari hamda Turizm qo‘mitasining Davlat byudjeti mablag‘laridan foydalanish, byudjetdan tashqari mablag‘lar ijrosi hamda rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarining bajarilishi yuzasidan hisobotlari eshitildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hisobotida qayd etilganidek, joriy yilning birinchi yarim yilligida maktabgacha ta’lim sohasida 700 ta yangi nodavlat bog‘cha tashkil etildi. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion 75,9 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Bu esa maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 78 foizda saqlab qolish imkonini bergan.
Umumiy o‘rta ta’lim tizimida xorijiy til o‘qituvchilarining 76,4 foizi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 226 nafar bitiruvchisi dunyoning TOP-300 oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Shuningdek, nodavlat maktablar soni 786 taga, ularda tahsil olayotgan o‘quvchilar soni esa 181,6 ming nafarga yetdi.
Hisobot davrida maktablar uchun 89,3 million nusxa yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalarini chop etish hamda yetkazib berish uchun 1,9 trillion so‘m ajratildi. Birinchi sinf o‘quvchilari uchun 802 mingta o‘quv qurollari to‘plamini yetkazib berish ishlari davom etmoqda. Ta’lim sifatini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan 1 500 nafar pedagogni rag‘batlantirish uchun 120 milliard so‘m yo‘naltirildi. Shuningdek, 208 ming nafar pedagog attestatsiyadan o‘tkazildi, 80,5 ming nafari malaka oshirish kurslariga jalb etildi, maktablarga 1 325 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilindi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2026-yil uchun rejalashtirilgan 6,3 mlrd. so‘m byudjet mablag‘ining yarim yillikda 2,5 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgan. Shundan, 1,9 mlrd so‘m oliy ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Talabalar turar joylari bilan ta’minlanganlik darajasi 58 foizga yetkazildi, talabalar turar joylari sig‘imi 159 mingdan ortiq o‘ringa oshirildi. Ilm-fan va innovatsiyalar sohasida 441,8 mlrd. so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. Ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar soni 20,7 ming nafarga yetdi, davlat ilmiy dasturlari doirasida fundamental tadqiqotlar bo‘yicha xalqaro hamkorlik to‘liq ta’minlandi.
Madaniyat vazirligi tizimi uchun birinchi yarim yillikda respublika byudjetidan 854,9 milliard so‘m ajratilib, mablag‘larning 95 foizi o‘zlashtirilgan. Jumladan, Kinematografiya agentligiga ajratilgan mablag‘lar qariyb to‘liq o‘zlashtirilgan. Madaniyat markazlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, madaniyat ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari ham izchil davom ettirilmoqda.
Sport vazirligi hisobotida qayd etilganidek, olimpiya sport turlari bo‘yicha 9 ta, paralimpiya sport turlari bo‘yicha 222 ta medal qo‘lga kiritilgan. Osiyo va jahon chempionatlari hamda xalqaro turnirlarda mamlakatimiz sportchilari jami 664 ta medalga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 9 ming 8 ta mahallaga sport inventarlari yetkazib berilgan. Ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlar soni 3,6 million nafardan, futbol bilan shug‘ullanuvchilar soni esa 30 ming nafardan oshgan.
Turizm qo‘mitasi hisobotida byudjet mablag‘larining sarflanishi, jamg‘arma daromadlari va xarajatlari ijrosi tahlil qilindi. Qayd etilishicha, birinchi yarim yillikda daromadlar prognozi 90,6 foizga, xarajatlar ijrosi esa 81,6 foizga ta’minlangan.
Muhokamalarda byudjet mablag‘laridan yanada samarali foydalanish, bajarilmagan yoki qisman bajarilgan indikatorlar bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA