Byudjet mablag‘lari o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagan: 40 mingta ayoldan atigi 7 mingtasiga subsidiya berilgan
Qonunchilik palatasi majlisida 2025-yilgi Davlat byudjeti ijrosi muhokama qilinar ekan, xalq vakillari erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda Davlat byudjeti ijrosida mavjud ayrim muammolarga ham e’tibor qaratdi.
Xususan, hisobot davrida byudjetdan yetarlicha mablag‘lar ajratilishiga qaramasdan ayrim vazirlik va idoralar tomonidan byudjetdan rivojlantirish dasturlariga ajratilgan mablag‘larni to‘liq o‘zlashtirilmagani deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Jumladan, akademik litsey bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 93 foiz etib belgilangan bo‘lsa-da, amalda 85,8 foiz bajarilgan. Talabalar turar joylarida 12 mingta yotoq o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ammo bu 90,7 foizga bajarilgan.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga ajratilayotgan mablag‘lar ham to‘liq o‘zlashtirilmagan. Hokim yordamchilari tavsiyasi asosida 40 mingta kam ta’minlangan xotin-qizlarga ajratilishi kerak bo‘lgan subsidiyalar atigi 7 mingta ayolga ajratilgan, xolos. Umuman, ijtimoiy sohada bir qancha yo‘nalishlarga ajratilgan mablag‘lar o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagan, mablag‘lar egalariga yetkazilmagan.
Xalq vakillari Davlat byudjetidan ushbu maqsadlar uchun yetarli mablag‘lar ajratilayotgan bo‘lsada, nega ijrosi to‘liq bajarilmagani bilan qiziqdi. Bu kabi qator savollarga vazirliklar tomonidan tegishli javoblar qaytarilib, tushuntirishlar berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA