Buzilgan mulklar evaziga to‘lanmagan kompensatsiyalar undirildi
Hokimliklar va tadbirkorlar o‘rtasida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ayrim turar joy hamda savdo ob’ektlarini buzish bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Ushbu shartnomalarda buziladigan mulklar evaziga tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lovlari to‘lanishi belgilanadi.
Biroq, shartnoma imzolanib, tadbirkorlarga tegishli mulklar buzilganidan so‘ng, ayrim hollarda hokimliklar tomonidan kelishilgan kompensatsiya mablag‘lari o‘z vaqtida to‘lab berilmaydi. Natijada, tadbirkorlar o‘z haq-huquqlarini himoya qilish va kompensatsiya mablag‘larini undirish uchun sudga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
Ana shunday holatlardan biri Surxondaryo viloyatida kuzatildi. Xususan, Sho‘rchi va Sherobod tumanlari hamda Termiz shahrida sud hujjatlari ijrosini ta’minlash doirasida hokimliklardan 15 nafar fuqaro foydasiga jami 1 milliard 853 million so‘m kompensatsiya mablag‘i undirib berildi.
Jumladan, Sho‘rchi tumanida fuqaroga tegishli savdo do‘koni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun o‘zaro kelishuv asosida buzdirilgan bo‘lsa-da, tuzilgan shartnomada belgilangan kompensatsiya mablag‘i o‘z vaqtida to‘lab berilmagan.
Fuqaroning sudga murojaati asosida mazkur nizo ko‘rib chiqilib, uning foydasiga 219 million so‘m kompensatsiya undirish belgilangan.
Majburiy ijro byurosi Sho‘rchi tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida belgilangan mablag‘ to‘liq undirilib, fuqaroning mulkiy huquqlari tiklandi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA