Buyuk davlat va siyosat arbobi
30 yanvar – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni
Navoiy shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazida 30 yanvar – Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavallud topgan kun munosabati bilan “Buyuk davlat va siyosat arbobi” mavzusida xotira kechasi tashkil etildi.
Yoshlar, harbiy qism askarlari ishtirok etgan tadbirda so‘zga chiqqanlar Birinchi Prezidentimizning hayot yo‘li, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ezgu ishlari haqida gapirdi.
[gallery-15679]
– Shunday insonlar borki, butun hayoti, faoliyatini yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida bag‘ishlaydi. Bunday insonlar har daqiqa, hamma vaqt yaxshi nom, yaxshi xotiralar bilan yodga olinaveradi, – deydi Ichki ishlar boshqarmasi tasarrufidagi Navoiy akademik litsey o‘qituvchisi F.Adizova. –Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti, mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi Islom Abdug‘aniyevich Karimovni ana shunday insonlar qatoriga qo‘shamiz. Afsuski, Birinchi Prezidentimiz oramizda yo‘q. Ammo tillarimizda, qalblarimizda, xotiralarimizda Islom Karimov hamisha biz bilan birga, bizning oramizda.
Ha, bag‘ri keng inson, el-yurt manfaatini har narsadan-da ustun qo‘ygan bu buyuk zot hech qachon unutilmaydi. Xotiralarimizda mangu yashayveradi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari