Buyuk bastakorning faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi galereyasida Ruminiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Toshkentdagi Fransuz alyansi hamkorligida “Jorj Enesku Fransiyada” nomli fotoko‘rgazma ochildi.
Diplomatik korpus a’zolari, san’at ixlosmandlari va keng jamoatchilik ishtirok etgan ko‘rgazmada Ruminiyaning buyuk bastakori, musiqachi va pedagog Jorj Eneskuning Fransiyadagi faoliyati muhim lahzalari fotosuratlar orqali namoyish etildi. Har bir surat uning ijodiy izlanishlarini, san’at va musiqaga bo‘lgan fidoyiligini yoritdi.


Tadbirni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Akmal Nur ochib, u o‘z nutqida, akademiya uchun xalqaro hamkorlik va san’at bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlash doimiy va strategik ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi.


Qayd etilganidek, mazkur fotoko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasida san’at va madaniyat sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

“Jorj Enesku Fransiyada” ko‘rgazmasi nafaqat san’at ixlosmandlarini ilhomlantiradi, balki xalqaro madaniy dialogni boyituvchi, Fransiya va Ruminiya san’ati uyg‘unligi va Enesku ijodining o‘ziga xosligini ochib beruvchi voqea sifatida e’tirof etildi.
Ko‘rgazma shu yilning 8-apreligacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA