Buxoroning turizm salohiyati oshadi
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, Buxoroga 1,5 million sayyoh tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkichni yanada oshirish mumkin. Buning uchun kerakli infratuzilmani yanada rivojlantirish zarur.
Prezidentimiz joriy yilning 31 may – 1 iyun kunlari viloyatga tashrifi davomida ham turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berdi.
Darhaqiqat, Buxoroning turizm salohiyati juda yuqori. Ayni paytda viloyatda mazkur yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2024 yilning o‘tgan davrida 10 ta mehmonxona, 5 ta xostel, 21 ta oilaviy mehmon uyi faoliyat boshladi. Bu bilan joylashtirish maskanlari 580 taga yetdi. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatga 630 ming nafar chet ellik sayyoh tashrif buyurgan. Ularga ko‘rsatilgan xizmatlar orqali turizm eksporti 160 million AQSH dollaridan oshgan. Respublikamizning boshqa hududlaridan 1 million 859 ming 400 nafar mahalliy aholi sayyoh sifatida tashrif buyurgan.
– Davlatimiz rahbari Buxoroga tashrifi chog‘ida viloyatning turizm imkoniyatlarini ishga solish orqali xorijlik mehmonlar sonini 5 milliontaga yetkazish zarurligini ta’kidladi, – deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobir To‘qsonov. – Soha rivoji uchun qo‘shimcha 100 million dollar ajratilgani Buxoro iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Davlat rahbarining yangi infratuzilma ob’ektlarini tashkil etish, joylashtirish vositalari sonini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Viloyatga bugungi kunda xorijiy sayyohlarni o‘rtacha qolish muddati uch-to‘rt kunni tashkil etmoqda. Yangi qo‘shimcha infratuzilma ob’ektlari va xizmat ko‘rsatish turlarini kengaytirish hisobiga ularning qolish muddatlarini 5-6 kunga uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. 2024 yilning olti oyida sohada 5800 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
[gallery-18119]
Yana bir ma’lumot, Prezidentimiz taqdim etgan imkoniyatlar sabab yil yakuniga qadar 60 ta yangi mehmonxona faoliyat boshlaydi. Bu bir vaqtning o‘zida 15 ming 200 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Buxoro shahri markazida “gastronomik turizm ko‘cha”lari tashkil etiladi. Hozirgi aeroportdan uch barobar ko‘p quvvatga ega umumiy loyiha qiymati 226 million dollarlik yangi zamonaviy xalqaro aeroportning qurilish ishlari jadallashtiriladi. Sayyohlar demografiyasini kengaytirish, ularni hududda bo‘lish muddatini uzaytirish maqsadida “Buxoro tarixiy-etnografik parki”ning qurilish ishlari boshlanadi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari