Buxoroning tarixiy va me’moriy obidalariga fotosayohat
FOTOREPORTAJ
Buxoroning tarixiy va me’moriy obidalari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari yetti iqlimga mashhur.
Sharif shaharning bu kabi o‘ziga xos jihatlari doimo sayyohlarni jalb etib kelgan.
Buxoroning moviy gumbazli masjid va xonaqolari, zamonaviy mehmonxona va turistik ob’ektlari – “Labihovuz” majmuasi, “Asia Bukhara” mehmonxonasi ko‘hna moziydan so‘zlayotgandek go‘yo. Derazadan boqsangiz, qadimiy hovuz, asrlarga tengdosh daraxtlar, ko‘hna obidalar, odamlar bilan qaynoq hayot namoyon bo‘ladi. Buxoroning markaziy maydonlaridan biri hisoblangan, Ko‘kaldosh va Nodir devonbegi madrasalari hamda Devonbegi xonaqohi binolaridan tashkil topgan mazkur me’moriy ansambl XVI-XVII asrlarga taalluqlidir.
[gallery-6816]
2500 yillik tarixga ega Buxoroning tor ko‘chalarini kezib, hunarmandlar ustaxonalari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari peshtaxtalaridagi noyob mahsulotlarni ko‘rib, uzoq o‘tmishga sayohat qilganday bo‘lasiz.
Toqi Telpakfurushon me’moriy yodgorligida pichoqchi usta Shavqiddin Kamolov ustaxonasi bor. U yerda usta oila a’zolari bilan pichoq tayyorlaydi. Shuningdek, bu yerda tashrif buyuruvchilar uchun temirchilik muzeyi tashkil etgan.
– Ayni kunlarda ustaxonada ish qizg‘in, - deydi pichoqsoz usta Sh. Kamolov. – Jamoamiz bilan shu yilning sentyabr oyida Qo‘qonda o‘tkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga katta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Muqimjon QODIROV, O‘zA