Buxorolik sportchilar sharaflandi
Mamlakatimiz va xalqaro sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan buxorolik sportchilar taqdirlandi.
2021 yilda buxorolik sportchilar tomonidan jami 3 ming 746 ta, shundan paralimpiya o‘yinlarida 1 ta bronza, jahon musobaqalarida 24 ta oltin, 15 ta kumush, 28 ta bronza, Osiyo chempionatlarida 9 ta oltin, 8 ta kumush, 16 ta bronza, xalqaro turnirlar va respublika musobaqalarida 986 ta oltin, 967 ta kumush, 1 ming 665 ta bronza medallari qo‘lga kiritilgan.
Yil davomida 3 ming 881 ta sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari o‘tkazilgan. Bularda jami 593 ming nafardan ortiq yoki qariyb 30 foiz aholi jalb qilingan. Shundan 315 ming nafardan ortig‘i xotin-qizlarni tashkil etadi. Aholini ommaviy sportga keng jalb qilish orqali 2021 yilda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchilar qamrovi yil boshida 19,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yil yakunida bu ko‘rsatgich 30 foizdan oshgan.
Shu bilan birga, jahonda tanilib, O‘zbekiston faxriga aylangan, boks bo‘yicha jahon va Olimpiya chempionlari Abbos Atoyev, Shaxram G‘iyosov, Shaxobiddin Zoyirov, dzyu-do bo‘yicha 2 karra Jahon chempioni, 3 marta Olimpiada bronza medali sohibi Rishod Sobirov, Para dzyu-do bo‘yicha Paraolimpiya chempioni Sherzod Namozov, bronza medali sohibi Sharif Xalilovlar yoshlarimizga munosib o‘rnak bo‘lmoqda.

Sportchilar erishayotgan natijalarda albatta, viloyat sport federatsiyasi va assotsiatsiyalari hamda ularning hamkor tashkilotlarining ham hissasi katta. Xususan, dzyu-do, boks, erkin-kurash, yunon-rum kabi sport turlarini qo‘llab-quvvatlanishi va ularga hamkorlik ko‘rsatilishi tufayli sportchilar g‘alabalari ta’minlanmoqda.

Tadbirda qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar munosib rag‘batlantirildi. “Yilning eng yaxshi sportchisi” Abdumalik Xaloqov, “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” Sabina Boboqulova, “Yilning eng yosh sportchisi” Jahongirmirzo Turobov, “Yilning eng yaxshi murabbiyi” Hamza Avezov, “Yilning eng yaxshi ayol murabbiyi” Oydin Fayziyeva, “Yilning eng yaxshi hakami” Ilhom Adizov, “Yilning eng yaxshi sport federatsiyasi” viloyat Boks federatsiyasi va bosh murabbiy Ravshan Xodjayev, “Yilning eng yaxshi paralimpiya sportchisi” Sharif Xalilov, “Yilning eng yaxshi paralimpiya ayol sportchisi” Zarifa Boboyeva, “Yilning eng yaxshi paralimpiya murabbiyi” Hasan Qosimov.
Sportchilar qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarda albatta, ularni har tomonlama qo‘lab-quvvatlagan ustoz-murabbiylari, qolaversa, homiylik ko‘rsatgan korxona-tashkilotlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan, faxriy trenerlar – futbolda Ismat Sayfullayev, suzishda G‘ulom Bafoyev, boksda Safojon To‘rayev va Mavlon Zikriyoyevlar, basketbolda Olim Fayziyev, yengil atletikada Mamlakat Raximova, badiiy gimnastikada Rimma Xoxlova, shaxmatda Rustam Hamroyev, stol tennisida Lyudmila Vohidovalar alohida e’tirof etildi.
Viloyatda sportga bo‘lgan xayrixohligi va moddiy qo‘llab-quvvatlagani uchun “Buxoro agroklaster”, “Buxoro Neftni qayta ishlash zavodi”, “Parvoz Xumo ravnaq trans”, “Yevrosnar”, “Buxorodonmahsulotlari” va “Kogondonmahsulotlari” kabi korxonalar, “Shoxrud” aksiyadorlik jamiyati rahbarlariga alohida minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xuddi shunday, viloyatda sportni rivojlantirish, ayniqsa, yakkakurash federatsiyalari faoliyatini jonlantirishdagi sa’y-harakati va fidoyiligi bois birinchi sektor – viloyat hokimligi, ikkinchi sektor –viloyat prokuraturasi, uchinchi sektor – viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, to‘rtinchi sektor – viloyat Davlat soliq boshqarmasi mutasaddilariga alohida minnatdorlik bildirildi. Tantanali tadbir yakunida namoyish etilgan viloyat san’at ustalari, xushovoz estrada xonandalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.
Zarif Komilov, O‘zA