Buxorolik soha xodimlari e’tirof etildi
Buxoroda 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tantanada viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, matbaachilar, faxriy jurnalistlar, matbuot xizmatlari, blogerlar hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirni viloyat hokimi Botir Zaripov ochib berdi va barchani kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning sohaga alohida e’tiborlari natijasida yurtimizda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilayotganiga, Matbuot va ommaviy axborot vositalarining jamiyatimizda nufuzi kuchayib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunga kelib 2 ta televideniye, 2 ta radio, 30 ga yaqin gazeta va jurnal, 9 ta internet nashri, 82 ta matbaa korxonasi hamda 18 ta nashriyotni o‘zida jamlagan Buxoro matbuoti, jurnalistikaning boy tajribalari hamda zamonaviy tendensiyalarini birlashtirgan kuchli media maydoniga aylangani qayd etildi.
— Viloyatimizdagi mavjud keng va qulay imkoniyatlarni, davlat va jamoatchilik tashabbuslarini yanada kengroq miqyos va auditoriyada faol targ‘ib etilishida respublika telekanallari va nashrlari o‘z muxbirlari, ijtimoiy tarmoq faollari benazir hissa qo‘shib kelishmoqda. Bularning barchasi, hech shubhasiz, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, fikrlar xilma-xilligiga erishish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda. Shu bilan birga davlat idoralari va mahalliy hokimliklar tarkibida axborot xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda, – dedi Botir Zaripov.
Albatta, soha xodimlaridan ko‘pchiligi jurnalistikada tutgan o‘rni, kasbiy va insonparvarlik faoliyati hamda ma’naviy-ma’rifiy xizmati munosib ehtiromga loyiq. Tadbirda ana shunday faxriy jurnalistlarning matbuot sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari e’tirof etildi. Bu yil yubiley sanalari nishonlanayotgan ustoz-jurnalistlarga alohida ehtirom ko‘rsatildi.
“Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalari tahririyati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 75 million so‘mlik sertifikat taqdim etildi. “Istiqlol” teleradiokompaniyasi ta’sischisi Baxshullo Bozorovga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
[gallery-24070]
Shuningdek, Buxoro viloyatini ijtimoiy-ma’naviy yuksaltirish ishiga qo‘shib kelayotgan munosib hissasi, viloyat ijtimoiy hayotidagi faolligi uchun hamda 27 - iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh matbuot, televideniye, matbaa sohasi vakillari, matbuot xizmatlari va internet nashrlari faollari viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Qolaversa, soha xodimlaridan yana bir guruhiga viloyat prokuraturasi tomonidan ham e’tibor ko‘rsatildi.
San’atkorlar ishtirokidagi chiqishlar, kuy-qo‘shiq va raqslar tadbir qatnashchilariga yanada ko‘tarinkilik ulashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.