Buxorodagi maktab direktorlari Xitoyda malaka oshirishmoqda
Buxorolik maktab direktorlari Xitoyda ilg‘or ta’lim tajribasini o‘rganishmoqda.
Bugun dunyoda taraqqiyotning eng katta mezoni — inson kapitali, uning bilimi, tafakkuri va zamonaviy ko‘nikmalari bilan belgilanmoqda. Shu bois ta’lim tizimiga kiritilayotgan har bir yangilik, avvalo, kelajak avlod taqdiriga daxldor.
Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor zamirida ham ana shu ezgu maqsad mujassam. Davlat rahbari tashabbusi bilan ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, maktab boshqaruvini zamonaviy talablar asosida tashkil etish hamda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganishga keng yo‘l ochilmoqda.
Buxoro viloyatining ilg‘or maktab direktorlaridan iborat delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasidagi ta’lim safari ham ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.
Mazkur xalqaro tashrif “Bir makon, bir yo‘l” yuqori malaka oshirish kursi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad — Xitoy ta’lim tizimining ilg‘or jihatlarini o‘rganish, zamonaviy maktab boshqaruvi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni boyitish, eng muhimi, o‘zlashtirilgan samarali yondashuvlarni Buxoro viloyati ta’lim tizimiga moslashtirib, amaliyotga joriy etishdan iborat.
Safarning birinchi kuni Anqing Normal universitetida o‘quv kursining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy ta’lim tizimining taraqqiyot tamoyillari, zamonaviy ta’lim siyosati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan mazmunli ma’ruzalar tinglandi.


Ayniqsa, ta’lim sifatini oshirishda maktabni samarali boshqarish, uning rivojlanish strategiyasini belgilash, istiqboldagi vazifalarni aniq rejalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Chunki bugungi maktab direktori faqat ma’mur emas. U — ta’lim muassasasining taraqqiyot strategiyasini belgilaydigan, pedagoglar jamoasini bir maqsad sari birlashtiradigan, o‘quvchi uchun munosib ta’lim muhitini yaratadigan zamonaviy rahbar bo‘lishi kerak.
Shu nuqtai nazardan, kuchli pedagoglar jamoasini shakllantirish, o‘qituvchilar salohiyatini yuksaltirish, ularning uzoq muddatli kasbiy rivojini ta’minlash mexanizmlarini o‘rganish safar dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lmoqda.
Safarning ikkinchi kuni esa bu tajribalarni bevosita amaliyotda ko‘rish imkonini berdi.
Buxorolik maktab direktorlari Anhui provinsiyasidagi Tongcheng o‘rta maktabiga tashrif buyurdilar. 1902-yilda mashhur xitoylik ma’rifatparvar va pedagog Vu Rulun tomonidan tashkil etilgan ushbu ta’lim maskani bir asrdan ortiq tarixga ega.
1999-yilda Anhui provinsiyasi Ta’lim departamenti tomonidan “Anhui provinsiyasining namunaviy yuqori maktabi” maqomi berilgan mazkur dargoh bugun ham ta’lim va tarbiyaning o‘ziga xos maktabi sifatida faoliyat yuritmoqda.


Ayni paytda bu yerda 55 ta sinfda 2 ming 700 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. Ta’lim muassasasida 230 nafardan ziyod pedagog va xodim mehnat qilmoqda. Biroq maktabning hayratlanarli jihati faqat raqamlarda emas.
Bu yerda zamonaviy ta’lim jarayoni axloqiy tarbiya, jismoniy tarbiya, san’at va madaniyat, amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirilgan. Ya’ni o‘quvchiga faqat bilim berish emas, uning shaxs sifatida kamol topishiga xizmat qiladigan yaxlit ta’lim muhiti yaratilgan.
Maktab hududida asrlik daraxtlar, tarixiy binolar va madaniy yodgorliklarning saqlab qolingani esa yana bir muhim haqiqatni namoyon etadi: zamonaviylik — tarixni unutish emas, balki uni kelajak bilan bog‘lay bilishdir.
Buxorolik delegatsiya a’zolari dars jarayonlari, o‘quvchilarning tanaffusdagi faoliyati bilan yaqindan tanishib, mahalliy o‘qituvchilar bilan muloqot qildilar. Ta’limni tashkil etish, pedagogik yondashuvlar va maktab boshqaruvi borasida fikr va tajriba almashildi.
Ta’lim muassasasining tarixi bilan tanishish jarayonida an’anaviy madaniyat va zamonaviy ta’lim o‘rtasidagi uyg‘unlikka alohida e’tibor qaratilgani namoyon bo‘ldi.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya “Liu Chi Xiang” tarixiy ko‘chasiga tashrif buyurib, uning tarixiy va madaniy ahamiyati bilan tanishdi. Bu yerda totuvlik, o‘zaro hurmat, hamjihatlik kabi qadriyatlar, shuningdek, insoniyat taqdiri mushtarak hamjamiyatini barpo etish g‘oyasi haqidagi tasavvurlar yanada boyitildi.
Aslida, ta’lim safarining mohiyati ham shunda — bir mamlakat tajribasini ikkinchisiga ko‘r-ko‘rona ko‘chirish emas, balki uning zamiridagi samarali g‘oyalarni anglash, tahlil qilish va o‘z milliy ta’lim muhitiga moslashtirish kerak bo‘ladi.


Buxorolik maktab direktorlarining Xitoydagi ushbu ta’lim safari oddiy xorijiy tashrif emas. Bu — zamonaviy maktab rahbari qanday fikrlashi, jamoani qanday boshqarishi, o‘quvchining ta’lim va tarbiyasi uchun qanday muhit yaratishi kerakligini o‘rganishga qaratilgan muhim tajriba maydonidir. Eng muhimi, safardan olingan taassurotlar qog‘ozda qolib ketmasligi kerak. Har bir o‘rganilgan tajriba Buxorodagi maktab hayotiga kirib borsagina, uning haqiqiy samarasi namoyon bo‘ladi.
Bugun Buxoro maktab direktori Xitoyda tajriba o‘rganayotgan bo‘lsa, ertaga bu tajriba Buxoroda yangi dars usuli, yangi boshqaruv yondashuvi, yangi loyiha va eng muhimi, yanada sifatli ta’lim natijasi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Zero, davlat rahbari tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi ham bitta — maktabni o‘zgartira oladigan, zamon bilan hamnafas, keng fikrlaydigan va natija uchun mas’uliyatni his qiladigan rahbarlar hamda yuksak salohiyatli pedagoglar avlodini shakllantirish. Bugun xorijda o‘rganilayotgan har bir ilg‘or tajriba — ertangi Buxoro maktablarining yangi qiyofasi uchun poydevordir. Chunki maktab o‘zgarsa — jamiyat o‘zgaradi. Ta’lim yuksalsa — millatning kelajagi yuksaladi.
Buxorolik maktab direktorlarining Xitoyga safari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri