Buxoroda “Yil ayoli” aniqlandi
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxona, tashkilot, muassasalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar hamda uy bekalari uchun e’lon qilingan “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning quyi bosqichida shahar va tumanlardan jami 300 dan ortiq ayol o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi. Viloyat bosqichiga o‘tgan talabgorlar ishlari 11 ta nominatsiya bo‘yicha tanlov hay’at komissiyasi tomonidan o‘rganildi.
Nizom shartiga muvofiq, tanlovda 35 yoshdan yuqori bo‘lgan, o‘z yo‘nalishi va mutaxassisligida kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan ayollar, qolaversa, uy bekalari ishtirok etdi.
Tadbirda xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini yuksaltirish, iqtisodiy imkoniyatini oshirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.
E’tirof qilinganidek, ayni kunda viloyatda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar 335 mingdan ziyodni tashkil etadi. Ularning 180 mingga yaqini davlat tashkilotlarida, 34 ming nafari esa nodavlat tashkilotlarda, 121 ming 600 nafari xususiy sektorlarda faoliyat yuritmoqda. Xotin-qizlarni jamiyat hayotida faolligini oshirish maqsadida 2019-2023 yillarda 4 mingdan ortiq ayol rahbarlik lavozimlariga tayinlangan.
Hay’at qaroriga ko‘ra, nufuzli milliy tanlovning 11 ta nominatsiya bo‘yicha viloyat bosqichi g‘oliblari e’lon qilindi. Jumladan, tanlovning viloyat bosqichida “Yilning eng yaxshi g‘oyalar tashabbuskori” nominatsiyasida Buxoro muhandislik texnologiyasi instituti rektori, dotsent Sadoqat Siddiqova, “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasida Buxoro davlat pedagogika instituti professori, filologiya fanlari nomzodi Nigora Safarova, “Yilning eng vatanparvar ayoli” nominatsiyasida Shofirkon tumani IIB katta inspektori Guli Ochilova, “Yilning eng jonkuyar ustozi” nominatsiyasida G‘ijduvon tumani 21-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Laylo Karimova, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi” nominatsiyasida Peshku tumani “Cheqirchi” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Vazira Umedova g‘olib bo‘ldi.
Xuddi shunday, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli” nominatsiyasida Qorako‘l tumani “Mirzaqal’a” mahalla fuqarolar yig‘inidan tadbirkor Zulfizar To‘rayeva, “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi” nominatsiyasida Romitan tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Mamlakat Rajabova, “Yilning eng yaxshi uy bekasi” nominatsiyasida Kogon shahar “Mustaqillik” MFY dan Vazira Sadiqova, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasida AT “Xalq banki” Shofirkon tuman bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Hilola Xolova, “Yilning eng yaxshi IT-dasturchi ayoli” nominatsiyasida Jondor tumani “PIXEL STAR” MCHJ dizayneri Mahbuba Boltayeva, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” nominatsiyasida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Olot tumani bo‘linmasi bosh mutaxassisi Dilovar Jo‘rayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
[gallery-20509]
G‘oliblarga viloyat hokimligi va tashkilotchilarning tashakkurnomasi hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari