Buxoroda Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali
Joriy yilning 15–17-may kunlari Buxoro shahrida III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi. Festival doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu nufuzli xalqaro tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi qaroriga muvofiq tashkil etilayotgan bo‘lib, xalq amaliy san’ati, xususan, zardo‘zlik va zargarlik sohasini rivojlantirish, milliy hunarmandchilik an’analarini saqlash va keng targ‘ib etish, shuningdek, xalqaro madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Festivalning asosiy maqsadi xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, ko‘p asrlik hunarmandchilik maktablarini asrab-avaylash va ularni zamonaviy sharoitlarda rivojlantirish, shuningdek, Buxoroning turizm salohiyatini yanada oshirishdan iboratdir.
Qadimiy Buxoro azaldan Markaziy Osiyoning yirik madaniy va hunarmandchilik markazlaridan biri sifatida tan olingan. Bu yerda ipak gilamchilik, kulolchilik, kandakorlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik, zardo‘zlik va zargarlik kabi xalq amaliy san’at turlari yuksak darajada rivojlangan. 2022-yilda Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan Buxoro shahriga “Butunjahon hunarmandchilik shahri” maqomi berilishi uning xalqaro nufuzini yanada oshirdi.
Festival tadbirlari Buxoro shahrining tarixiy-madaniy obidalari bo‘lgan Ark qo‘rg‘oni, Labi hovuz, Poyi Kalon va Nodir devonbegi madrasasi kabi maskanlarda tashkil etiladi. Ushbu tadbirlar shaharning boy madaniy merosi va betakror tarixiy muhitini xalqaro jamoatchilikka keng namoyon etadi.
[gallery-29388]
Festival doirasida zardo‘zlik va zargarlik mahsulotlari hamda boshqa milliy hunarmandchilik namunalarining keng ko‘lamli ko‘rgazma-savdolari, xalq raqslari va folklor jamoalari chiqishlari, qo‘g‘irchoq teatrlari, konsert dasturlari, mahorat darslari hamda “Buxoro moda kunlari - 2026” doirasida liboslar namoyishi tashkil etiladi.
Ilmiy dastur doirasida “An’anaviy zargarlik va zardo‘zlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda O‘zbekiston zargarlik va zardo‘zlik san’atiga bag‘ishlangan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Festival doirasida shuningdek “Buxoro zandanachisi: tarixi, tipologiyasi va qayta tiklash masalalari” mavzusida xalqaro simpozium tashkil etilib, unda mazkur noyob hunarmandchilik an’anasi Markaziy Osiyo badiiy madaniyatining muhim qismi sifatida kompleks o‘rganiladi. Simpoziumda yozma va arxeologik manbalar, texnologik jarayonlar, ornamental an’analar, muzey kolleksiyalari, restavratsiya va raqamli vizuallashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalq ustasi, zardo‘z hunarmand Baxshillo Jumayevning “Zarrin iplar musiqasi” nomli ijodiy ko‘rgazmasi va fotoko‘rgazmasi ochiladi.
Festival doirasida mahalliy va xorijiy hunarmandlar o‘rtasida 12 ta nominatsiya bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi. Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari 7 nafardan iborat xalqaro hay’at tomonidan baholanadi. Nominatsiyalar qatorida “Eng yaxshi zargarlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zardo‘zlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zargar”, “Eng yaxshi zardo‘z”, “Eng yaxshi maktab ustasi”, “Qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan ustalar”, shuningdek “Eng yosh mahoratli zardo‘z va zargar” yo‘nalishlari mavjud.
Festivalda Afrika, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va Tinch okeani mintaqalaridan 38 ta davlatdan 120 nafardan ortiq xorijiy mehmonlar, shu jumladan xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, 300 dan ortiq mahalliy hunarmandlar o‘z ijod namunalari bilan faol qatnashmoqda.
O‘zbekistonda hunarmandchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida “Hunarmand” uyushmasi tizimida 26 mingdan ortiq a’zo va 119 mingdan ziyod shogird faoliyat yuritmoqda. Jumladan, 982 nafar zargar va 1 565 nafar shogird, shuningdek, 150 nafar zardo‘z va 538 nafar shogird ushbu sohaning rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Sohaning yetakchi ustalari Baxshillo Jumayev, Mahfuza Salimova, Fasihiddin Dadamuhamedov, Alisher Haydarov va Tohir Muhamedov kabi hunarmandlar milliy hunarmandchilik an’analarini saqlash, rivojlantirish va avloddan avlodga yetkazish yo‘lida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Festival yakunida “Ark” qo‘rg‘onida tantanali taqdirlash marosimi hamda gala-konsert bo‘lib o‘tadi, tanlov g‘oliblari maxsus diplomlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Ushbu xalqaro festival O‘zbekistonning boy madaniy merosini dunyo miqyosida keng targ‘ib etish, xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash, milliy hunarmandchilik an’analarini saqlash va turizm salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari