Buxoroda xalqaro olimpiadalar g‘oliblari aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Buxoroda ilk bor tashkil etilgan “Bukhara International Mathematics Olympiad (BIMO–2026)” hamda “Bukhara International Chemistry Olympiad (BICHO–2026)” xalqaro olimpiadalari o‘z yakuniga yetdi. Ushbu nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz va xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan kelgan jamoalar o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
“BICHO–2026” xalqaro kimyo olimpiadasida jami 41 ta jamoa ishtirok etdi. Unda Andijon davlat texnika instituti, Buxoro davlat universiteti, Magtymguly Turkmen State University (Turkmaniston) hamda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) jamoalari superkubok sovrindorlari bo‘ldi. Olimpiada davomida ishtirokchilar 19 ta oltin, 26 ta kumush va 40 ta bronza medal bilan taqdirlandi.
“BIMO–2026” xalqaro matematika olimpiadasida esa 54 ta jamoa ishtirok etdi. Unda Xalqaro gumanitar fanlar va taraqqiyot universiteti (Turkmaniston), Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN), Andijon davlat universiteti, Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti hamda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti jamoalari superkubok bilan taqdirlandi. Musobaqa yakunida ishtirokchilar 29 ta oltin, 46 ta kumush va 56 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish joizki, “BIMO–2026” olimpiadasi mezboni — Buxoro davlat universiteti talabalari yakka tartibda 5 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Jamoaviy bahslarda esa “BukhSU” jamoasi Best Teamwork and Strategy Award, “Vertex” jamoasi esa Outstanding Logical Reasoning Award nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldi.
[gallery-27398]
“BICHO–2026” xalqaro kimyo olimpiadasida universitet talabalari 6 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, Excellence in Chemical Data Interpretation nominatsiyasi hamda kimyo fani bo‘yicha superkubok sovriniga munosib deb topildi.
Mazkur natijalar mamlakatimizda yoshlar uchun zamonaviy ta’lim muhitini yaratish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlarning amaliy samarasi ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA