Buxoroda til bayrami tantanalari
Buxoroda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi hamda 21 oktyabr – o‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Dastlab buyuk shoir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy byusti oldiga gul qo‘yildi. Tadbirda ona tilimizning millat ma’naviy o‘zligini belgilashdagi ahamiyati, uning bugungi kundagi mavqeini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, ilmiy tadqiqotlar xususida so‘z bordi.
Bayramning asosiy tantanalari viloyat Yoshlar markazi san’at saroyida davom etdi. Tilshunoslar, ma’naviy-ma’rifiy soha vakillari, ijodkorlar hamda yetakchi til va adabiyot o‘qituvchilari jam bo‘lgan tadbirda ishtirokchilar e’tiboriga viloyat san’at ustalari tomonidan tayerlangan “Til barhayot ekan – yashaydi millat” mavzusida teatrlashtirilgan badiiy dastur namoyish etildi. XX asrda tilimiz uchun kurashgan jadid ma’rifatparvarlari, shuningdek, 70-80-yillar ziyolilari hayoti aks etgan sahna ko‘rinishlari, tilimiz madh etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.
[gallery-9175]
– Til insonni inson sifatida shakllantirgan, taraqqiyot bosqichlariga olib chiqqan, ruhiy takomilga boshlagan, tafakkur gulshanining darvozalarini ochgan sehrli bir jilodir, – deydi viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov. – Milliy taraqqiyotimiz ko‘zgusi, bebaho boyligimiz ona tilimizni asrash va rivojlantirish barchamizning burchimiz. Bu borada viloyatda o‘zbek tili oyligi doirasida mehnat jamoalari, mahallalarda til bayramlari, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiya, tanlovlar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, viloyat aholisining imlo savodxonligini ixtiyoriy sinovdan o‘tkazish maqsadida insho marafoni tashkil etilmoqda. Unda onlayn platformada diktant matni o‘qib eshittiriladi. Barcha ishtirokchilar onlayn tarzda diktantni yozib bo‘lganidan so‘ng uning asl to‘g‘ri varianti taqdim etiladi. Bu orqali ishtirokchilar o‘zlari diktantlari matnini tekshirib, o‘z o‘zlariga baho qo‘yishlari mumkin.
Bayram arafasida yana bir loyiha sifatida barcha davlat boshqaruvi organlari, qolaversa aholining davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan yaqindan tanishishlari uchun “Jahon minbaridan yangragan tilim” qo‘llanmasi nashr etildi. Unda sohaga oid qonun, farmon, qarorlar bilan birga ulug‘ ajdodlarimiz, ziyolilarimizning ona tilimiz madhiga bag‘ishlangan purma’no fikrlari ham o‘rin olgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov, O‘zA