Buxoroda servis markazi ochiladi
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilgan.
Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Buxoro viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi vakillari hamda Malayziyaning “Serba Dinamik International Limited” (SDIL) kompaniyasi rahbariyati ishtirokida investitsiyaviy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videokonferensiya rejimidagi uchrashuv tashkil etildi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilgan.
Tadbirda, xususan Buxoroda ilgʻor ekologik toza jihozlar va texnologiyalar, jumladan, 3D-printerlar va boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish yoʻli bilan korxonalar sanoat uskunalariga taʼmir xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyo servis markazini tuzish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Ushbu rejani hayotga tatbiq etish uchun Malayziyadan 15 million dollar hajmdagi toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoya jalb etilishi koʻzda tutilmoqda.
Onlayn-suhbat davomida Malayziya tomoni epidemiologik vaziyat barqarorlashishi bilan mazkur loyihani amalga oshirish va belgilangan ishlarni bajarishga imkon darajasida tezroq kirishishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Muloqot yakunida loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq kelgusi imkoniyatlarni koʻrib chiqish maqsadida boshlangʻich muddatlar va tomonlar majburiyatlari koʻrsatilgan memorandumni imzolash, shuningdek Buxoro viloyati hokimiyati zimmasiga mazkur obyekt joylashadigan, transport va kommunal infratizim bilan qulay bogʻlangan manzilni belgilashga oid taklif yoʻllash vazifasini yuklatishga kelishib olindi.