Buxoroda obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi asosida keng nishonlanishi munosabati bilan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida Buxoro viloyatining barcha 516 ta mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya-tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida mutasaddi rahbarlar Buxoro shahri va tumanlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini joylarda ko‘zdan kechirdi. O‘rganishlar davomida jamoat joylarini tartibga keltirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish hamda piyodalar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mahallalarning sanitariya holatini yaxshilash, yo‘l yoqalari va ichki ko‘chalarda tozalikni ta’minlash, qurilish va maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, qurigan xas-xashaklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Ichki ko‘chalardagi noqonuniy qurilmalarni demontaj qilish, piyodalar yo‘laklarini barcha aholi qatlamlari uchun xavfsiz va qulay holatga keltirish ishlari ham ko‘rib chiqildi.
[gallery-30729]
Buxoro shahrining Yoshlik mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ham o‘rganildi. Dilkusho ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 1,6 kilometr avtomobil yo‘li asfaltlanib, 2,5 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etilmoqda. Ayni paytda ichimlik suvi va tabiiy gaz tarmoqlari yangilanib, zamonaviy avtobus bekatlari, yashil hududlar va boshqa infratuzilma ob’ektlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Viloyatda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari mahallalar qiyofasini yanada yaxshilash, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratish hamda mustaqillik bayramini munosib kutib olishga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA