Buxoroda NNTlar ko‘chat ekdi
Buxoro viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘plab xayrli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi NNT va fukarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi NNT va do‘stlik uyida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, viloyat Kengashi deputatlari, NNT va viloyatdagi milliy madaniy markazlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

–Viloyatda faoliyat olib borayotgan 600 ga yaqin NNTlar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi Oliy Majlis Senati a’zolari, Ijtimoiy sheriklik komissiyasi raisi Abira Huseynova. – Shuningdek, joriy yilda e’lon qilgan davlat grantlarida ham mazkur yo‘nalishda mavzular e’lon qilingan edi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan NNTlar ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tadbirlarni amalga oshirmoqda.

– Bugun ekilgan ko‘chatlar kun kelib bo‘y cho‘zadi, – deydi O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati viloyat tashkiloti raisi Shahodat Ixtiyorova. –Albatta, uning soyasidan va mevasidan kelajak avlod bahramand bo‘ladi. Loyiha doirasida bizning tashkilotimiz ham ko‘plab xayrli tadbirlarga qo‘l urmoqda.

“Dolzarb 40 kunlik” tadbiri doirasida Do‘stlik uyi oldidagi bog‘da mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Bunday tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA