Buxoroda “Nasriddin Afandi” festivali
1-aprel – Kulgi va hazil kuni
Buxoroda 1-aprel – Kulgi va hazil kuni munosabati bilan “Nasriddin Afandi” an’anaviy festivali o‘tkazildi.
Buxoroning turizm imkoniyatini dunyo miqyosida keng namoyish etish, shuningdek, tarixiy qadriyatlarimiz targ‘ibotini yanada oshirishni maqsad qilgan mazkur festivalga nafaqat mahalliy, balki chet ellik mehmonlarning tashrifi hamda qiziqishlari ortib bormoqda. Shunga mos ravishda festival dasturi rang-barang loyihalar bilan boyimoqda.
Joriy yilgi festival Nasriddin Afandi boshchiligidagi ishtirokchilarning Poyi Kalon majmuasidan Nodir Devonbegi madrasasiga bo‘lgan masofaga milliy karvon yurishi bilan boshlandi. Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab yangragan milliy qo‘shiqlar, milliy qahramonlarning qiyofasi aks etgan katta-kichik qo‘g‘irchoqlar aholi, festival mehmonlari, ayniqsa, xorijiy sayyohlarning hayratini oshirdi.
[gallery-16713]
Nodir Devonbegi madrasasi oldida festivalning ramziy ochilish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov festivalning ahamiyati, uni tashkil etish tarixi haqida gapirdi. Yig‘ilganlarni hazil-mutoyiba kuni bilan qutladi.
Musiqali chiqishlar esa barchaga zavq bag‘ishladi.
–- Men O‘zbekistonning turizm imkoniyatini o‘rgangani kelganman, – deydi festival mehmoni, fransiyalik Aleksander Enjuen. – Xalqingiz xushfe’l, kulgisevar, bag‘rikeng ekan. Buni Buxoroga kelgan kunimdayoq ko‘rib, his etganman. Bugungi festival o‘zbek xalqi urf-odatlari, an’analari haqidagi tasavvurlarimni yanada boyitdi. Shubhasiz, bunday festival-u sayllar Buxoroning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Festival doirasida “Gavkushon” majmuasida “Sharq taomlari” tanlovi ham bo‘lib o‘tdi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/KXpiRoC1GPA" title="Buxoroda “Nasriddin Afandi” festivali" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Zarif Komilov, Yusupov Muslimjon,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari