Buxoroda “Media haftalik” boshlandi
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlarning kasbiy mahoratini oshirish, axborot makonidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Media haftalik” tadbirlari start oldi. Mazkur loyiha viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Bugungi global axborot makonida tezkorlik, ishonchlilik va professional yondashuv har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar hayotimizga chuqur kirib kelgan bir paytda jurnalistlar, blogerlar va matbuot xizmatlari vakillarining bilim va ko‘nikmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish dolzarb vazifaga aylandi. Ana shu nuqtai nazardan “Media haftalik” nafaqat media sohasi xodimlari uchun o‘quv maydoni, balki tajriba almashish, hamkorlikni kengaytirish va yangi g‘oyalarni shakllantirish platformasi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Loyihada internet va bosma nashrlar jurnalistlari, televideniye va radio xodimlari, davlat idoralari matbuot kotiblari, blogerlar, mobilograflar hamda yosh media vakillari ishtirok etmoqda. Haftalik doirasida media sohasining eng dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha malakali ekspertlar tomonidan treninglar, amaliy mashg‘ulotlar va ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Adilov bugungi kunda ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
– Axborot makoni bugun jamiyat taraqqiyotining ajralmas qismiga aylandi. Ommaviy axborot vositalari nafaqat yangilik yetkazadi, balki jamoatchilik fikri, fuqarolik pozitsiyasi va ijtimoiy faollik shakllanishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois media sohasida faoliyat yuritayotgan har bir mutaxassis zimmasida katta mas’uliyat bor. Ayniqsa, feyk xabarlarga qarshi kurashish, aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazish, media madaniyatni shakllantirish bugunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi, – dedi Baxtiyor Adilov.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, jamoatchilik bilan samarali kommunikatsiya o‘rnatish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarining roli tobora ortib bormoqda. “Media haftalik” ana shu islohotlarning amaliy ifodasi sifatida ham e’tiborga molik.
Haftalik doirasida kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, SMM, strategik kommunikatsiyalar, auditoriya bilan ishlash va zamonaviy media platformalardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Eng muhimi, bu treninglar nazariya bilan cheklanib qolmay, ishtirokchilar uchun amaliy tajriba maydoniga aylanmoqda.
Mashg‘ulotlarda sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli instrumentlar va zamonaviy media vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy mashqlar o‘tkazilayotgani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu esa media mutaxassislariga o‘z faoliyatida tezkorlik, sifat va samaradorlikni oshirish imkonini beradi.
[gallery-29356]
Shu bilan birga, “Media haftalik” hududlarda faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlarning o‘zaro muloqotini kuchaytirish, tajriba almashish va yangi ijodiy hamkorliklarni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Tadbir davomida ishtirokchilar sohadagi muammolar, zamonaviy tendensiyalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashmoqda.
Shubhasiz, mazkur loyiha Buxoro media muhiti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. U jurnalistlar va axborot sohasi vakillarining professional salohiyatini oshirish, mediamakonda sifatli va ishonchli kontent ulushini ko‘paytirish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, “Media haftalik” bu shunchaki o‘quv tadbiri emas, balki zamonaviy media maktabidir. U orqali jurnalist va blogerlar yangi bilim, innovatsion yondashuv va amaliy tajribaga ega bo‘lib, kelgusida yurtimiz axborot makonida yanada faol, professional va ta’sirchan faoliyat olib borishiga zamin yaratadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.