Buxoroda limonchilik yanada rivojlanadi
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tgan yilning sentyabr oyida “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida 50 gektarlik limonzor majmuasini barpo etish loyihasi boshlangan edi.
Umumiy qiymati 79 milliard so‘m bo‘lgan loyiha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JISA) kredit liniyasining imtiyozli resurs mablag‘i hisobidan “Turonbank” ATB tomonidan moliyalashtirilgan.
Avvallari bir gektar limonzorni barpo etish va ko‘chatlarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar 3 milliard so‘mgacha qiymatdagi importni tashkil etgan. Taklif etilayotgan ijtimoiy loyihada esa bir gektar limonzorni barpo etish 1,1 milliard so‘mdan oshmaydi. Loyiha to‘liq ishga tushsa 1000 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Tumanda yirik zamonaviy issiqxona majmuasini (limonariya) tashkil qilish maqsadida hozirda har biri 0,5 gektardan iborat 76 ta issiqxona loyihasi shakllantirildi. Tuman hokimligi, “Turonbank” ATB Buxoro filiali bilan hamkorlikda 76 nafar tashabbuskor aniqlandi. Ularga yer maydonlari ajratib berildi. Ayni kunda ularda qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda.
Hududda 14 gektar issiqxona yer maydoni 35 nafar tashabbuskorga jami 21 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i asosida ajratib berilgan. Bu issiqxonalar majmuasining ishga tushirilishi 380 ta doimiy va 760 ta mavsumiy ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Bu loyihada 400 nafar yoshni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
“Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi limonchilik majmuasida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarda shular haqida so‘z bordi. Viloyat qishloq xo‘jaligiga daxldor idora va tashkilotlar mutasaddilari, tijorat banklari mas’ullari, limonchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xo‘jaliklar hamda tashabbuskor fuqarolar qatnashgan tadbirda limonchilikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Vobkent tumanida “Bahor garden” MCHJ va “Bek klaster” MCHJlari tomonidan 100 gektar maydonda yangi limonariya barpo etish belgilangan. Hozirda bu qaror ijrosi sifatida Vobkent tumanidagi “Bahor garden” MCHJ tomonidan 1 gektar issiqxona qurilgan bo‘lib, ko‘chatlarni ekish ishlari boshlangan.
2020 yilda viloyatda qo‘shimcha 2 gektar maydonda limonzor barpo qilingan. Peshku tumanidagi “Peshku limonchilik ravnaqi” va Vobkent tumanidagi “Bahor garden” MCHJlarida 1 gektardan yer maydonida issiqxona yaratib, sitrus meva yetishtirish harakati boshlangan.
Viloyatda aholi bandligini oshirish maqsadida har bir tumanda 100 tadan aholi xonadoniga 2 sotixli issiqxonani imtiyozli kredit sarmoyasi asosida qurib berish, bu xo‘jaliklarda sitrus meva yetishtirish, qolaversa, limonchilik uyushmasi tomonidan issiqxonalarda limon ko‘chatlarini agrotexnik talablar asosida yetishtirish va buyurtma asosida yetkazib berish tartibi joriy qilinayotgani ham xo‘jaliklar uchun qulaylik yaratilmoqda.
Seminarda tarmoq rivoji bilan bog‘liq qator omillarga e’tibor qaratilgani holda yig‘ilganlarga joylarda barpo etiladigan limonzorlar uchun standartlar, ya’ni ko‘chat navi va sifati, ekish sxemasi, issiqxonaga qo‘yiladigan talablar, resurs tejovchi texnologiyalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Tumanlardagi mas’ullarga limonchilik tarmog‘ini rivojlantirishda xorijiy tajriba va resurs tejovchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, limonzorlarni tashkil etish xarajatlarini moliyalashtirish choralarini ko‘rish yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA