Buxoroda innovatsiya va inklyuziv ta’lim imkoniyatlari kengaymoqda
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Buxoro davlat texnika universitetida bo‘lib, universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Xotin-qizlar va yoshlar uchun IT hamda muhandislik inklyuziv ta’lim markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur markazda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, innovatsion yondashuvlar va yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan ilg‘or loyihalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari — inklyuziv ta’lim, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va startap ekotizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, zamonaviy IT infratuzilmasi va innovatsion muhit yuqori baholandi.

Markazda talabalar tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellektga asoslangan dasturiy yechimlar va amaliy startap loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, “VoiceUP” ovozli boshqaruv tizimi, “Raqamli maktab” ta’lim platformasi, “Safar Line” turizm sohasiga mo‘ljallangan raqamli yechim hamda “LoadBoard” logistika platformasi kabi loyihalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu platformalarning aksariyati ta’lim, xizmat ko‘rsatish va biznes jarayonlarini yengillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, talabalar bandligini monitoring qilish tizimi, elektron kutubxona, talabalar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi raqamli nazorat dasturlari ham namoyish etildi. Bu esa universitetda raqamli boshqaruv va zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Tashrif davomida robototexnika va IT integratsiyasi, VR va 3D modellashtirish, media ishlab chiqarish hamda sun’iy intellekt orqali xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan laboratoriyalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Mazkur laboratoriyalar yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, innovatsion fikrlashini rivojlantirish va zamonaviy kasblarga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yosh innovatorlar va startap jamoalar bilan ochiq muloqot ham o‘tkazildi.

Suhbat davomida talabalar o‘z g‘oyalari, ilmiy ishlanmalari va kelgusida amalga oshirishni rejalashtirayotgan loyihalari haqida fikr almashdi. Shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri