Buxoroda bolalar bayrami shodiyonasi
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Buxoro viloyatida tashkil etilgan asosiy bayram tadbiri yuksak saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Bolajonlarning quvonchli kulgisi, rang-barang chiqishlar, qiziqarli loyihalar hamda ijodiy tashabbuslar bilan bezatilgan bayram maydoni haqiqiy shodiyona maskaniga aylandi.
Bayram doirasida “Kelajak markazlari”, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilarining ijodiy ishlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Turli mahorat darslari, amaliy mashg‘ulotlar va rasmlar tanlovlari orqali yoshlarning bilim va qobiliyatlari namoyon bo‘ldi.

“Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari!” shiori ostida o‘tkazilgan asfaltga rasm chizish aksiyasi tadbirning eng qiziqarli loyihalaridan biriga aylandi. Unda ishtirok etgan iste’dodli bolalar o‘z orzu-intilishlari, baxtli kelajak haqidagi tasavvurlarini ranglar orqali ifoda etib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, “Bolalarga kitob bering” kitoblar yarmarkasi yosh kitobxonlarni bir joyga jamladi. Yarmarka orqali bolalarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ma’naviy kamolot sari yo‘naltirish maqsad qilindi.

Tadbir davomida sport musobaqalari, milliy xalq o‘yinlari, turli tanlovlar va ko‘ngilochar dasturlar tashkil qilinib, ishtirokchilarga quvonchli lahzalar ulashdi. “Jonli tabiat” loyihasi, ijodiy maydonchalar hamda interaktiv mashg‘ulotlar esa bolalarning tabiatga mehri va ijodkorlik salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Bayramning eng yorqin qismlaridan biri yosh iste’dodlar ishtirokidagi gala-konsert dasturi bo‘ldi. Kuy-qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy raqslar, jozibador sahna chiqishlari ishtirokchilar va mehmonlarga unutilmas bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir so‘nggida faol ishtirok etgan bolajonlar esdalik sovg‘alari va qimmatbaho tuhfalar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri