Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, “B.S.T.” AJ abonentlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari A.R. YATT A.X.ga tegishli binoda ichimlik suvidan foydalanishning qonuniyligi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, ish boshqaruvchi O.Z.ga bu haqda tuzilgan dalolatnoma bo‘yicha 15 million so‘m zarar hisoblanishini aytib uni aldaydi. Tadbir jarayonida O.Z.dan 14,9 million so‘m pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Hozirda, holat yuzasidan tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

* * *
Respublikamizdagi 233 ta maktab PISA 2025 tadqiqotida qatnashish uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tasodifiylik tamoyili asosida tanlab olindi. Mazkur maktablardagi 9050 nafar 15 yoshli o‘quvchi tadqiqotda qatnashishi nazarda tutilgan. Bu jarayonda Buxoro viloyatidan tanlangan 10 ta maktab ham ishtirok etadi.
– Tadqiqot jarayonlari 2025 yilning aprel va may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sinovlar kompyuter yordamida onlayn tarzda tashkil etiladi. 2025 yildagi tadqiqotda dunyoning 91 ta mamlakatlari qatorida O‘zbekiston maktablarining munosib ishtirokini ta’minlash bo‘yicha Buxoro viloyatida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bosh metodisti Nargiza Husenova.


* * *
Buxoro viloyati Shofirkon tumani Xo‘ja Orif mahallasida buvisi va amakisi bilan yashab kelayotgan Aleksandra ota-onasi bilan uzoq yillardan buyon ko‘rishmaydi. Kichkina jussasida katta qalbni yashira olgan qizning orzulari osmon. Uning asosiy maqsadi odamlarga, begonaga aylangan yaqinlariga o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatishdir.
– Ota-onalar ajrashganda birinchi navbatda, ular emas, bolalar azoblanadi. Chunki, ularning ikkisi ham bolalar uchun qadrli, – deydi Aleksandra. – Hayotimdan mamnunman. Hozirda talabaman. O‘zim xohlagan kasb egasi bo‘lish menga zavq bag‘ishlaydi. Yurtim tinch, davlatim menga barcha sharoitlarni yaratib bergan. Shu sharoitdan unumli foydalangan holda kelajagimni yaratish yo‘lida doim izlanishdaman.
Aleksandra onlayn va oflayn to‘garaklarda ishtirok etadi. Ingliz tilidan til bilish sertifikatini qo‘lga kiritgan. “Inson” volontyorlari ko‘magida kirish imtihonlarida ishtirok etdi. Markaz tomonidan berilgan elektron aravacha uning dars jarayonlariga borib-kelishida, kursdoshlari bilan talabalik gashtini surishida beminnat ko‘makchi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri