Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro shahar IIO FMB tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil 15 noyabr kuni soat 08:30 larda noma’lum shaxs Buxoro shahrining Havzi-Nav ko‘chasidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida harakatlanib borayotgan 76-son yo‘nalishli avtobus salonida yo‘lovchi sifatida ketayotgan G‘ijduvon tumani Degrezon mahallasida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan ayolning cho‘ntagidan bahosi 2 million 500 ming so‘mlik “Redmi Note 8” rusumli telefonini yashirin ravishda o‘g‘irlagan.
Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK ning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Natijada ushbu jinoyatni Buxoro shahar Ko‘kcha ko‘chasida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan X.A. ismli shaxs sodir etgani aniqlangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti tomonidan gaz to‘ldirish shoxobchalarida bir qator modernizatsiya ishlari olib borildi. Asosiy maqsad aholini maishiy gaz ballonlari bilan uzluksiz ta’minlash. “Hududgazta’minot” AJ tomonidan gaz to‘ldirish shoxobchalari quvvatini oshirish maqsadida 6 dona gaz quyish kolonkalari, 3 dona kompressor va 3 dona gaz haydash nasoslari ajratildi. bugungi kunda ajratilgan barcha uskunalar o‘rnatildi va foydalanishga topshirildi.
Iste’molchilarga mas’ul xodimlar tomonidan 2022-2023 kuz-qish mavsumida sifatli suyultirilgan gaz bilan ta’minlash maqsadida maishiy gaz ballonlardagi og‘ir qoldiqlarni to‘kib olish va saqlash uchun qo‘shimcha 4 dona og‘ir qoldiq saqlash sig‘imlari keltirildi.
–Ushbu uskunalarning ishga tushirilishi natijasida gaz to‘ldirish shoxobchalarida ishlab chiqarish zavodlaridan maxsus avtotransport vositalari orqali tashib keltirilgan suyultirilgan gazni sig‘imlarga to‘kib olishda sarflanadigan vaqt qisqartirildi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. – Maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz to‘ldirish jarayonlarini tezlashtirilishi natijasida iste’molchilarga belgilangan muddatlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

Buxoroda kredit mablag‘ini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan “O'zsanoatqurilishbank” ATB Buxoro mintaqaviy filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruvda “B.M.” MCHJ rahbari B.A. bank filiali mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, MCHJga xom ashyo (xom ipak) ishlab chiqarish uchun ajratilgan 3,9 milliard so‘m kredit mablag‘ini boshqa MCHJning kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun yo‘naltirilganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA