Buxoro viloyat Kengashining sessiyasi
Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada Buxoro viloyatini 2023 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2024 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan viloyat hokimi Botir Zaripovning hisoboti tinglandi.
Davlat rahbarining tegishli farmon va qarorlariga asosan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da sektor rahbarlari, viloyat va tumanlarning barcha darajadagi rahbarlari tomonidan bevosita joylarda, mahallalarda aholini qiynab kelayotgan muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilgan.
[gallery-15818]
– Buning natijasida 2023 yil yakunlariga ko‘ra viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha sohalarida sezilarli darajada o‘sish sur’atlari ta’minlandi, – deydi viloyat rahbari. – Xususan, 2023 yilda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 105,2 foizga, sanoat mahsulotlari 106,1 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 104 foizga, xizmatlar 111 foizga hamda qurilish hajmi 107,5 foizga o‘sdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 2022 yildagi 23 million so‘mdan 2023 yilda 26,3 million so‘mga ko‘paydi. Ushbu davrda sanoatning yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi 18,3 foizni tashkil etdi. Sanoat sohasida 2023 yilda 714,3 million dollarlik 268 ta loyiha ishga tushirilib, 10 ming 243 ta ish o‘rni yaratildi. Viloyatda 3 ta erkin iqtisodiy zona, 33 ta kichik sanoat zonasi hamda 13 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 184 million dollarlik 184 ta loyiha amalga oshirilib, 4 ming 800 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, kichik sanoat zonalarida 29,1 million dollarlik 149 ta loyiha ishga tushirilib, 1 ming 750 dan ziyod kishining bandligi ta’minlandi. Ishlab chiqarishning 62 foizi tarmoq va 38 foizi hududiy darajadagi korxonalarga to‘g‘ri keladi.
Sessiyada viloyat hokimi 2024 yil – Yoshlar va biznesni rivojlantirish yilida mo‘ljallagan rejalar to‘g‘risida ham alohida to‘xtaldi.
Bu borada deputatlarning fikr-mulohazalari va takliflari ham eshitildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari