Buxoro va Samarqand rassomlar nigohida
I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida “Buxoro va Samarqand avangard rassomlari V.Ufimsev va U.Tansiqbayev nigohida” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
Unda rassomlarning ilk grafik ishlari namoyish etilgan. Bu asarlarda O‘zbekistonda yashab ijod qilgan va O‘zbekistonga tashrif buyurgan ikkita rassom tomonidan sharq me’morchiligiga oid ikki ko‘z qarashni ko‘rish mumkin.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan V.Ufimsevning (1899-1964) asarlarida O‘zbekistondagi ilk taassurotlari aks ettirilgan bo‘lib, u mamlakatimizga birinchi marta 1924 yilda kelgan, ya’ni Buxoro me’moriy yodgorliklarini o‘rganish bo‘yicha ekspeditsiya tarkibida bo‘lgan. U Buxoroga bag‘ishlangan bir qator grafik asarlarni yaratdi. V. Ufimsevning Buxoroga sayohati, uning futurist rassom sifatida ongini o‘zgartirishning ilk davrlari edi.
O‘zbekistonga tashrifi uning badiiy uslubini ham o‘zgartiradi. Kuzatishlari va vizual taassurotlari natijasida paydo bo‘lgan ekspressiv vositalarning ifodali ixchamligi uning asarlarida ajralib turadi. Buxoro va Samarqand me’morchiligining o‘ziga xosligi uning e’tiborini tortadi. Natijada kubizm yo‘nalishi tomon tortuvchi asarlar paydo bo‘ladi.
Ufimsev kamdan-kam hollarda taniqli me’moriy yodgorliklariga murojat qiladi, u ko‘pincha eski tashlandiq qabrlarga, karvonsaroylarga, yopiq bozorlarga, shaharning boshi berk ko‘chalariga e’tibor beradi. Bu yerlarda u hayotning keng, abadiy panoramasini tasavvur qiladi.
U.Tansiqbayev (1904-1974) O‘zbekistonda yashab ijod qilgan, u uchun ona yurti ekzotik emas edi, lekin ona vatanining tabiatiga bo‘lgan muhabbati rassomning iste’dodini ochib berdi, uni “manzara ustasi” qildi. Me’moriy majmualar rassomning manzaralari uchun ma’naviy qo‘shimcha bo‘ldi.
[gallery-10144]
Ko‘rgazmada rassomning 1930-32 yillardagi qishloqlar va shaharlar bo‘ylab sayohatlari davomida yaratgan asarlari qo‘yilgan. Shuningdek, 1934 yilda muhtasham me’moriy yodgorliklarga ega shaharga qilgan sayohati natijasida yaratilgan “Samarqand” nomli asarlar to‘plami ham ko‘rgazmada namoyish etilmoqda. Asarlar orasida Bibixonim masjidi, Shohi-Zinda maqbaralari ansambli, qarovsiz qolgan eski qabristonlarga bag‘ishlangan manzaralar bor.
XX asrning birinchi yarmida yashab ijod qilgan ko‘plab o‘zbek rassomlari singari V.Ufimsev va U.Tansiqbayev uchun O‘zbekiston - katta va kichik ahamiyatga ega bo‘lgan joylarga, qarovsiz qolgan va ko‘p tashrif buyuriladigan turli me’moriy majmualarga, ya’ni boy madaniyatga ega zamin sifatida ijodiy tajribalarini oshirish uchun ilhom manbaiga aylangan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA