“Buxoro shashmaqomi”: eng munosiblar g‘olib bo‘ldi
Buxoroda maqom mumtoz qo‘shiqchiligi san’atining “Buxoro shashmaqomi” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda Buxoro, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax viloyatlaridan 15 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan jami 200 dan nafardan ziyod nomzod, ya’ni o‘zbek milliy maqom san’ati ishtiyoqmandlari, yosh iste’dodli mumtoz qo‘shiq ijrochilari qatnashdi.
– Tanlov g‘oliblari respublika ikkinchi xalqaro maqom san’ati anjumanida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi, – deydi Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Nematov. – Shu boisdan tanlov ishtirokchilari chiqishlarini mamlakatimizda tanilgan O‘zbekiston xalq hofizi Isroiljon Vahobov, O‘zbek Milliy maqom sanati markazi direktori Soyibjon Begmatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ahmadjon Dadayev singari san’at ustalaridan tarkib topgan hay’at a’zolari baholab bordi.
[gallery-9398]
O‘ziga xos san’at festivalida har bir viloyat ansambli jamoaviy hamda yakka xonandalik ijrochiligida tayyorlab kelgan repertuari bilan ishtirok etdi. Ayniqsa, “Xonandalar ansambli” nominatsiyasida o‘zaro bahslar qizg‘in va murosasiz kechdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Buxoro tumani Madaniyat bo‘limi ansambli uchinchi o‘rinni, Sirdaryo viloyatidan kelgan Namunali maqom ansambli ikkinchi o‘rinni egalladi. Ko‘rik-tanlovning bosh mukofoti – oliy o‘rin uchun bahs Andijon hamda buxorolik yosh san’atkorlar jamoalari o‘rtasida kechdi. Vodiy viloyati ixtisoslashtirilgan san’at maktabi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Buxoro viloyati Namunali maqom ansambli oliy o‘rin – Gran-prini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, uch kun davom etgan ko‘rik-tanlovda “Erkak ovozi”, “Ayol ovozi” hamda “Sozanda ansambli” kabi nominatsiyalarda ham iqtidor egalari aniqlandi.
“Buxoro shashmaqomi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari O‘zbek Milliy maqom sanati markazi hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA