Buxoro shahridagi tirbandliklar bartaraf etiladi
2021 yilning 11 oyi davomida Buxoro shahrida 2020 yilning shu davriga nisbatan jami yo‘l-transport hodisalari soni 9,2 foizga yoki 76 tadan 83 taga, tan jarohati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar 10,9 foizga yoki 64 tadan 71 taga ko‘paygan. Bunda o‘lim bilan bog‘liq fojealar qayd qilingani nihoyatda tashvishlanarli.
Ayni kunda Buxoro shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining tahliliga asoslanib, avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalari qizil, sariq va yashil hududlarga ajratilgan. Mazkur hududlarda kunning “Tig‘iz vaqti” da yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida kuch vositalar yetarli darajada taqsimlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, avtomobil yo‘llarida tirbandliklarni yuzaga keltiruvchi asosiy omillar xususida viloyat markazida 350 dan ortiq ko‘p qavatli turar joy majmui bunyod qilingani, urbanizatsiya, ya’ni aholi soni oshgani, aniqrog‘i, shaharda yashashga bo‘lgan talab va ehtiyoj kuchayib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Korxona-tashkilot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa muassasalar, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, dam olish maskanlari shaharda joylashganligi, ish va o‘qish vaqtlari kunning bir xil paytida belgilangani, yo‘l infratuzilmasidagi nuqson va kamchiliklar, yerusti o‘tkazgichlari, yerosti va piyodalar, qolaversa, transport soni keskin oshgani shaharda tirbandliklar sodir bo‘lishiga zamin yaratmoqda.
2010 yilda viloyat markazida 24 ming 800 dan ortiq ulov qayd etilgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 33 ming 800 tani, 2021 yilda esa 43 mingtani tashkil etmoqda. Aholi soni qariyb 300 ming nafarni tashkil etayotgan bugungi kunda yo‘llarda transport oqimi yanada kuchayishi tayin. Bu esa zarur chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo etmoqda. Shu boisdan bugun Buxoro shahrida avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalarini xalqaro me’yorlar asosida qurish, qayta qurish va joriy ta’mirlash ishlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Buxoro shahri hududida 50 mingga yaqin avtomobil harakatlanmoqda.
“Shaharsozlik normalari va qoidalari»ga asosan shahar ko‘chalarining har bir tasmasining (polosasi) o‘tkazuvchanligi 750-850 ta avtomobil/soat belgilangan. Monitoring tarzida o‘tkazilgan izlanishlar natijasida Buxoro shahar hududidagi asosiy magistral ko‘chalarning ba’zilarida bu ko‘rsatkich hozirgi kunda 900-1000 ta avtomobil/soatni tashkil qilganligini ko‘rsatdi.
Shahardagi asosiy magistral ko‘chalarda avtomobillar tirbandliklari kuzatilib, transport vositalarining bir sutkadagi o‘rtacha jadalligi I.Karimov ko‘chasida 57 ming 888 avto/sutkani, B.Naqshband ko‘chasida 39 ming 31 avto/sutkani, Mirdo‘stim va Havzi nav ko‘chalarida 45 ming 230 avto/sutkani, G‘ijduvon ko‘chasida 51 ming 23 avto/sutkani hamda M.Iqbol ko‘chasida 45 ming 177 avto/sutkani tashkil etmoqda.
Buxoro shahriga boshqa tumanlardan bir kecha-kunduzda o‘rtacha 15-20 mingtagacha avtotransport vositalari kirib-chiqayotganini inobatga olsak, tirbandlikldarni bartaraf etish juda muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislarning fikricha, shahar markazini tranzit o‘tuvchi va vaqtincha kelgan avtotransport vositalaridan xoli qilish, Buxoro shahar hududida, shaharga kiruvchi asosiy avtomobil yo‘llarining chetida (yotoqxona, dam olish, maishiy, tibbiy xizmat ko‘rsatish binolari, avtomobillarni yuvish va ularga texnik servis ko‘rsatish joylari, yengil va yuk avtomobillari uchun maxsus jihozlangan avtoturargohlar hamda jamoat transporti uchun shohbekatlarga ega bo‘lgan va xalqaro talablarga javob beruvchi) avtokempinglar qurish, Buxoro xalqa yo‘lida olib borilayotgan qurilish ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazib, avtomobil yo‘lidan shahar hududiga yuk avtomobillari kirishini taqiqlash maqsadga muvofiq.
Shahar hududidagi tirbandliklarni bartaraf qilish, transport vositalarining oqimini ko‘chalarda bir tekisda taqsimlanishini ta’minlash maqsadida Alpomish ko‘chasining “Dinamo” aylanma harakatidan “Buxoro-2” temir yo‘l stansiyasigacha kengaytirib ta’mirlash. “Buxoro-2” stansiyasidan A–380 avtomobil yo‘liga yangi yo‘l(yo‘l o‘tkazgich) qurish, M.Burhonov, Sanoatchilar va S.Yurenev ko‘chalarini kengaytirib ta’mirlashni taqozo etmoqda.
Bu ishlar amalga oshirilsa, B.Naqshband, M.Burhonov I.Karimov ko‘chalaridagi tirbandliklar oldi olinadi.
J.Ikromiy, Oqmachit va Dilkusho ko‘chalarini kengaytirib, rekonstruksiya qilish hamda Jarqoq va Gulshan ko‘chalari orqali yangi yo‘l qurish amalga oshsa, B.Naqshband, I.Karimov va G‘ijduvon ko‘chalaridagi tirbandliklar ham o‘z yechimini topadi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi binosi oldidan “Ipotekabank” viloyat filiali orqali M.Iqbol ko‘chasiga hamda M.Iqbol ko‘chasidan Q.Murtazoyev ko‘chasiga yangi yo‘l chiqarish zarur.
A–380 avtomobil yo‘lining 228 kilometridagi “Jo‘yzar” yo‘l o‘tkazgichi orqali M–37 avtomobil yo‘liga yangi yo‘l chiqarish hamda A-380 avtomobil yo‘lining 214-kilometri (“Kalinin” chorrahasi)dan Buxoro halqa yo‘lining qurilish ishlari olib borilayotgan qismini yakuniga yetkazish lozim. Buning natijasida G‘ijduvon, Gazli shox ko‘chalaridagi tirbandliklar bartaraf etiladi. A-380 “b” “Buxoro xalqa yo‘li” avtomobil yo‘lini 4-13 kilometrlarini kengaytirib ta’mirlash hamda Namozgoh va Q.Murtazoyev ko‘chalari kesishgan qismidan A-380 “b” avtomobil yo‘liga yangi yo‘l qurish taqozo etilmoqda. Bu loyiha tufayli Mirdo‘stim va Havzi nav ko‘chalaridagi tirbandliklar oldi olinadi.
G‘ijduvon va Gazli shoh ko‘chalari kesishgan chorrahada, shu bilan birga “B.Naqshband – Gazli shoh”, “I.Karimov-B.Naqshband”, “I.Karimov-Ibn Sino” “M.Iqbol-Namozgoh”, “M.Iqbol-Navoiy shoh”, “Navoiy shoh – Q.Murtazoyev” ko‘chalari chorrahalarida 9 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi tufayli yuqorida qayd etilgan 7 ta asosiy va unga yondosh bo‘lgan boshqa ko‘chalarda tirbandliklarni bartaraf etib, avtotransport vositalarining beto‘xtov harakatlanishiga imkoniyat yaratish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA