Buxoro paxtakorlari mavsum rejasini muvaffaqiyatli bajarishdi
Buxoro viloyati paxtakorlari joriy mavsumda paxta topshirish bo‘yicha belgilangan rejani muvaffaqiyatli bajardi. Bu natija mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, yer egalari va fermerlar manfaatlarini himoya qilish, sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy samarasini yana bir bor namoyon etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahbarligida qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan dehqon va fermerlar uchun munosib sharoit yaratish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda ilg‘or agrotexnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buxoro paxtakorlarining bu yilgi natijalari ham ana shu siyosatning joylardagi amaliy ifodasidir.
Joriy yil erta bahoridanoq sohaning yetakchi olim va mutaxassislari, tajribali fermerlar hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari takliflari asosida viloyatning tuproq-iqlim sharoitiga mos g‘o‘za navlari tanlandi. 3071 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 85 ming gektar maydonga chigit ekildi. Agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat dalalarida “Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-10”, “Buxoro-102” va “Porloq” kabi mahalliy navlar bilan bir qatorda, xorijiy tajriba asosidagi intensiv paxtachilik texnologiyalari ham keng qo‘llanildi. Xususan, 2025-yilda 21,5 ming gektar maydonda tajriba-sinov tariqasida qo‘llangan Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur hududidagi intensiv paxtachilik tajribasi joriy mavsumda yanada kengaytirildi. Bu yil 29,8 ming gektarda “Xin LuZao-57” va “Zhongmian-88” g‘o‘za navlari qo‘shqator ekish, plyonkadan foydalanish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida parvarishlandi. Ayrim maydonlarda gektaridan 70–80 sentnergacha hosil olish imkoniyati mazkur yondashuvlarning mahalliy sharoitda ham yuqori samara berayotganini ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, viloyat paxtakorlari nafaqat hosildorlikni oshirish, balki umumiy hosil hajmini sezilarli ko‘paytirishga ham erishdi. 2025-yilda 373 ming tonnadan ziyod paxta xomashyosi yetishtirilgan bo‘lsa, joriy mavsumda ekin maydonlari hajmi saqlangan holda 442 ming tonna paxta olishga muvaffaq bo‘lindi. Viloyat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik 52,6 sentnerni tashkil etmoqda.
Bu raqamlar zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, yerdan unumli foydalanish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli tashkil qilish qanday natija berishini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Paxtachilikda yuqori natijalarga erishishda zamonaviy texnika va mexanizatsiyaning o‘rni ham beqiyos. Joriy terim mavsumida viloyat paxta dalalarida “BOSHIRAN”, “FM WORLD”, “JOHN DEERE” kabi rusumdagi 140 tadan ortiq yuqori unumli paxta terish kombaynlaridan foydalanildi. Ular yordamida paxta maydonlarining qariyb 80 foizidagi hosil terib olindi.
Zamonaviy texnikalardan foydalanish terim muddatlarini qisqartirish, mehnat unumdorligini oshirish va daladagi yo‘qotishlarni kamaytirish imkonini bermoqda.
G‘o‘zani parvarishlash davrida zararkunandalarga qarshi biologik kurash usullariga ham ustuvor ahamiyat qaratildi. Viloyatdagi 27 ta biolaboratoriyada foydali hasharotlar ko‘paytirilib, paxta maydonlarida biologik himoya tadbirlari amalga oshirildi. Shuningdek, dronlar va “OVX” uskunalari yordamida defoliatsiya hamda desikatsiya ishlari bajarildi.

Bunday zamonaviy yondashuvlar g‘o‘za ko‘saklarining bir maromda ochilishi, terimni samarali tashkil etish, hosilni sifatli va kam nobudgarchilik bilan yig‘ib olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mavsumda bir qator fermer xo‘jaliklari ham yuqori hosildorlik namunalarini ko‘rsatdi. Qorako‘l tumanidagi “Sharofiddin obod paxtakor”, Qorovulbozor tumanidagi “Amir Amon”, Buxoro tumanidagi “Samad Charosxon”, Vobkent tumanidagi “Verjilio oltin dalasi”, Olot tumanidagi “Islomjon Shaxinabonu” hamda Romitan tumanidagi “Kozimbobo” fermer xo‘jaliklarida gektaridan 70 sentnerdan ortiq hosil olindi.
Bu natijalar ortida ilg‘or texnologiya, zamonaviy texnika va eng muhimi, yerga mehr bilan yondashib, o‘z kasbiga sidqidildan mehnat qilayotgan fermer va dehqonlarning mashaqqatli mehnati mujassam. Ayni paytda Buxoro dalalarida yig‘ib olinishi lozim bo‘lgan hosil hali anchagina. Paxtakorlar belgilangan reja bilan cheklanib qolmasdan, qo‘shimcha 50 ming tonna paxta xomashyosini yig‘ib olish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etmoqda.

Zero, Prezidentimiz ta’kidlab kelayotganidek, yetishtirilgan hosilni to‘liq va nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish, uning sifatini saqlash hamda qayta ishlash korxonalariga o‘z vaqtida yetkazib berish ham paxtachilikdagi muhim vazifalardan biridir.
Buxorolik paxtakorlarning bugungi yutug‘i — yerga mehr, mehnatga sadoqat va zamonaviy agrotexnologiyalarning uyg‘unligi natijasidir.
Mehnat zafaringiz muborak, buxorolik paxtakorlar! Yangi xirmonlaringiz yanada barakali bo‘lsin!
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri