Buxoro jinoyatchilikdan xoli hududga aylanadi
Buxoroda xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Ayol — qadriyatlar davomchisi” shiori ostida respublika o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Viloyatni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish” dasturi asosida amalga oshirilgan ishlar hamda boqimandalikni oldini olish borasidagi chora-tadbirlar taqdimoti o‘tkazildi. Unda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mas’ullari, respublikamizning barcha viloyatlar hokimlari o‘rinbosarlari — Oila xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari, shuningdek, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash boshqarmalari mutasaddilari qatnashdi.
Anjumanda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida so‘z bordi.
[gallery-18553]
Buning natijasida hozirgi kunda xotin-qizlar jamiyatimizning faol qatlamiga aylangani, ilmiy-tadqiqot, tibbiyot va ta’lim muassasalari, sanoat korxonalari, fermer xo‘jaliklari, kichik biznes sub’ektlari, umuman barcha sohalarda rahbar ayollar safi tobora kengayib borayotgani e’tirof etildi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 31 may-1 iyun kunlari Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha bajarilayotgan ijobiy ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan xayrli tashabbusni amalda tatbiq etish borasida viloyatda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 87 ming 400 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, kasb-hunarga o‘qitish va o‘zini o‘zi band qilish borasida tizimli ishlar tashkil etildi.
“Bandlikka ko‘maklashish” jamg‘armasidan 165 nafar xotin-qizlarga 1 milliard 317,8 million so‘m miqdorida, “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish” jamg‘armasidan 812 nafar xotin-qizlarga 4 milliard 69,8 million so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratilib, ular asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 6 ming 529 nafar tadbirkor xotin-qizlarga 186 milliard 184 million so‘m mablag‘ ajratildi. Mahalladagi hokim yordamchilari ko‘magida 33 ming 966 nafar xotin-qizlar o‘zini-o‘zi band qildi. 467 nafar xotin-qizlar “Hunarmand” uyushmasiga a’zo etilib, “Ustoz-shogird” an’anasi bo‘yicha hunarmandchilikka jalb qilindi.
Buxoroda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlarni ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir Yangi O‘zbekiston ayollarining nimalarga qodir ekanini ko‘z-ko‘z qilish barobarida tadbirkorlik sohasida o‘z imkoniyatini sinamoqchi bo‘lgan opa-singillarimizga o‘ziga xos tajriba sabog‘i, motivatsiya bo‘lgani ta’kidlandi.
Xususan, “G‘ijduvon va Jondor tajribalari”, “Viloyatni xotin-qizlar jinoyatchiligidan xoli hududga aylantirish” dasturi, “Buxoro viloyatida 2024-2025 yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi”, ayollar salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha dasturlarni o‘z ichiga olgan taqdimotlar xotin-qizlar hayotida yangi sahifa ochishi qayd etildi.
Taqdimotda ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari tomonidan viloyatni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, xususan, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar xususida batafsil axborot berildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbiri.