Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro reytingda 11-o‘rinni egalladi
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro maydonda o‘z nufuzini yanada mustahkamladi. “HE Higher Education Ranking – 2026” xalqaro reytingi natijalariga ko‘ra, institut 8515 ball to‘plab, umumiy ro‘yxatda 11-o‘rinni egalladi.
Shu bilan birga, u O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida 2-o‘rinni qayd etib, milliy ta’lim tizimida ham yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Joriy yilgi reytingda jahonning turli mamlakatlaridan jami 507 ta oliy ta’lim muassasasi ishtirok etdi. O‘zbekistondan esa 18 ta oliy o‘quv yurti qatnashib, ular orasida Buxoro davlat pedagogika instituti 41-o‘rinni, Buxoro davlat universiteti 63-o‘rinni, Toshkent tibbiyot akademiyasi esa 458-o‘rinni egalladi. Bu natijalar mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning samarasini ko‘rsatadi.
Reytingda eng yuqori natija Buyuk Britaniyadagi “Sattan Aston College London” tomonidan qayd etilib, mazkur muassasa 9543 ball bilan peshqadamlikni qo‘lga kiritdi.
E’tiborli jihati, Buxoro davlat tibbiyot instituti so‘nggi yillarda mazkur reytingda o‘z o‘rnini izchil ravishda yaxshilab bormoqda. Xususan, 2024-yilda institut 69-o‘rinni, 2025-yilda 49-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2026-yilda 11-pog‘onaga ko‘tarildi.
“HE Higher Education Ranking” oliy ta’lim muassasalari faoliyatini boshqaruv samaradorligi, ta’lim jarayoni sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro aloqalar, ochiqlik va jamiyatga ta’siri kabi muhim mezonlar asosida baholovchi mustaqil reyting tizimidir. Baholash jarayoni 25 ta ko‘rsatkich bo‘yicha amalga oshirilib, yakuniy natija 10 ming ballik tizim asosida shakllantiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri