Buvaydaga Xitoy investitsiyasi kirib kelmoqda
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida elektr tarmoqlari barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida transformator punktlari yashil, sariq va qizil toifalar kesimida xatlovdan o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan Buvayda tumani hokimi Behzodjon Ibragimov Ing‘irchoq mahallasidagi 419-160 kVA hamda 895-160 kVA transformator punktlarida bo‘lib, qizil toifaga kiritilgan ob’ektlarda olib borilayotgan ta’mirlash va tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.
O‘rganish davomida kuz-qish mavsumida elektr tarmoqlarining barqaror ishlashi, avariya holatlarining oldini olish hamda aholini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalari muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Ha, endi prezident topshirig‘ini bajaradi-da, tuman hokimi, dersiz.
Aslida ham shunday. Ammo Behzodjon Ibrohimov davlat boshqaruvidagi yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanmoqda. Ilgari shahar-tuman hokimi turib tursin, viloyat rahbari ham “yuqori”ning iznisiz biron xorijiy mamlakat vakili bilan muzokara qila olmas edi. Endi-chi?

Buvayda tumani hokimi Behzodjon Ibragimov Xitoyning Xinjiang Xinfianjie Technology Co., Ltd. kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Unda tumanda quyosh elektr stansiyalari, zamonaviy quyosh panellari, yashil energiya texnologiyalarini joriy etish hamda elektr quvvati ishlab chiqarish bo‘yicha sarmoya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni hududga jalb etish va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Mazkur uchrashuv Buvayda tumanida yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish hamda investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Shunday qilib, yaqin vaqt ichida Xitoylik mutaxassislar Buvaydada elektr energiyasi va uni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish jihozlari korxonasini investitsiya asosida bunyod etishi kutilyapti.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri