Butunjahon shaxmat olimpiadasi – O‘zbekistonda shaxmat jadal rivojlanayotgani e’tirofi
Samarqand xalqaro turizm markazida bugun rasmiy ochilish marosimi o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Vishvanatan Anand, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, O‘zbekiston erkaklar va ayollar jamoalari a’zolari Nodirbek Abdusattorov hamda Gulruhbegim Tohirjonova olimpiadaga tayyorgarlik jarayonlari va musobaqalarni o‘tkazish tartibi, ishtirokchi jamoalar va ularning imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Vishvanatan Anand 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga Samarqandda yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgani, ishtirokchilar va ularning murabbiylari, hakamlar uchun FIDE talablari darajasida sharoit va imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
– 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun O‘zbekiston tanlanishiga bu mamlakatda shaxmatning ommabopligi va muxlislarning yuqori qiziqishi asosiy omil bo‘lgandi, – dedi Vishvanatan Anand. – 2022-yilda ariza ma’qullanganida jamoa bunchalik kuchayib ketishini bilmagandik, ammo oradan ko‘p o‘tmay ularning g‘alabalariga guvoh bo‘ldik. Olimpiada uchun O‘zbekiston, Samarqand tanlangani bejiz emasligini bugun mamlakat shaxmatchilarining natijalari butun dunyoga namoyon etmoqda. Men musobaqadan ko‘plab kutilmagan hodisalar va qiziqarli natijalarni kutyapman. Asosiy e’tibor faqat to‘rtta jamoaga qaratilgan bo‘lsa-da, kurash olib boradigan boshqa kuchli terma jamoalar borligi e’tiborli. O‘ylaymanki, 46-olimpiada bizga juda ko‘p unutilmas onlarni taqdim etadi.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev Samarqandda o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 3-shaxmat paralimpiyadasi va FIDE kongressi ishtirokchi davlatlar va jamoalar soni bo‘yicha rekord natijalar qayd etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u mazkur tadbirlar yurtimizda shaxmatning ommabopligini oshirish, yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
[gallery-31443]
Nodirbek Abdusattorov hamda Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston jamoalari a’zolari yurtimizda o‘tkazilayotgan olimpiadada g‘oliblik uchun kurashishlarini bildirib, vakillarimiz puxta tayyorgarlik ko‘rishgani, jamoaviy muhit juda yaxshi ekanligini bildirdi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldi.
G‘olib Hasanov, Muhammad Amin, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari