Butunjahon kosmos haftaligi: O‘zbekiston kosmik salohiyatini namoyon etmoqda (+Video)
Har yili 4–10-oktabr kunlari Butunjahon kosmos haftaligi nishonlanadi. Bu sana kosmik fan va texnologiyalarni ommalashtirish, ularning inson hayotidagi ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan.
Bu yil ham haftalik doirasida O‘zbekistonda kosmik sohaga oid turli tadbirlar, uchrashuvlar va ma’rifiy loyihalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda ham bu yo‘nalish so‘nggi yillarda izchil rivojlanmoqda. Kosmik sohani boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha huquqiy asoslar shakllantirilib, davlat kosmik monitoringi tizimi kengaymoqda. Bugun 10 dan ortiq davlat idorasi va barcha hududiy hokimliklar kosmik ma’lumotlardan foydalanmoqda. Yerni masofadan zondlash ma’lumotlariga bo‘lgan talabning so‘nggi besh yilda uch barobar oshgani ham sohaning amaliyotdagi ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bu jarayonda O‘zbekistonning xalqaro kosmik maydonda o‘z o‘rnini topishi ham muhim. Ayniqsa, 2026-yil 5-avgustda orbitaga chiqarilgan «Samarqand-2028» giperspektral sun’iy yo‘ldoshi bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur sun’iy yo‘ldosh xalqaro loyiha asosida yaratilgan. Uning yana bir muhim jihati — o‘zbek muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt moduli sun’iy yo‘ldosh bortiga integratsiya qilingani. Ya’ni, ma’lumotlarning bir qismi Yerga yuborilishidan oldin to‘g‘ridan-to‘g‘ri orbitada qayta ishlanadi.
«Samarqand-2028» nomi esa tasodifiy emas. U 2028-yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressi bilan bevosita bog‘liq. O‘zbekiston mazkur nufuzli anjumanga mezbonlik qilishi mamlakatning kosmik salohiyatini jahonga namoyish etish uchun katta imkoniyat beradi.
«Samarqand-2028» loyihasining ahamiyatini «O‘zbekkosmos» agentligi bo‘lim boshlig‘i Humoyun Akbarov ham ta’kidladi:
— Bu, birinchi navbatda, strategik ahamiyatga ega kongress. U mamlakatimizning kosmik sohadagi salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish va O‘zbekistonni global kosmik hamjamiyatning faol ishtirokchisi sifatida tanitish imkonini beradi. Qolaversa, xorijiy kosmik kompaniyalar, ilmiy markazlar va investorlar bilan yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish, texnologiya va bilimlar almashinuvini kuchaytirish uchun ham katta platforma yaratadi. «Samarqand-2028» sun’iy yo‘ldoshining nomi ham shu kongress bilan bevosita bog‘liq. Bugun «Samarqand-2028» nomi nafaqat Yerda, balki orbitada ham mavjud.
Xalqaro maydondagi bu qadamlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonda milliy sun’iy yo‘ldoshsozlik maktabini shakllantirishga ham asos solinmoqda.
Shunday loyihalardan biri — «Mirzo Ulug‘bek». U O‘zbekistonning birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshi bo‘lib, «O‘zbekkosmos» agentligi muhandislari tomonidan Yaponiyaning “Kyushu Institute of Technology” instituti bilan birgalikda yaratilmoqda. 6U CubeSat platformasiga mansub ushbu apparat ilmiy tadqiqotlar, Yerni masofadan zondlash bo‘yicha tajribalar o‘tkazish va milliy mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. Uni 2028-yil yanvar oyida orbitaga chiqarish rejalashtirilgan.
Darhaqiqat, bugun kosmosga qiziqishni yoshlikdan shakllantirishga qaratilgan dasturlar ko‘paymoqda. Robototexnika, dasturlash, astronomiya va muhandislik bo‘yicha ta’lim dasturlari orqali kelajakda kosmik sohada ishlaydigan mutaxassislar zaxirasi yaratilmoqda.
Bu ishlar birinchi milliy sun’iy yo‘ldosh, «Samarqand-2028» loyihasi va 2028-yildagi Xalqaro astronavtika kongressi bilan bir-biriga uzviy bog‘langan. Bir tomonda — xalqaro kosmik maydonda O‘zbekistonning mavqeini mustahkamlash, ikkinchi tomonda esa bu sohada o‘z texnologiyasi va kadrlarini yaratish maqsadi turibdi.
N.Rahmonova,
S.Obidjonov (montaj),
O‘zA