Bursa – Turk dunyosining madaniyat poytaxti
Dunyoda faqat ikkita mamlakatnigina “Poytaxtlar yurti” deyish mumkin. Ular O‘zbekiston va Turkiya. Mana shu ikkita mamlakatning ko‘plab shaharlari bir vaqtlar yirik sulolalarning poytaxti bo‘lgan. Turkiyaning poytaxt shaharlaridan biri Bursa hisoblanadi.
Xalqaro turkiy madaniy tashkilot “TURKSOY” tomonidan 2012 yildan boshlab har yili a’zo davlatlarning mashhur va tarixiy shaharlarini “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti”, deb e’lon qilish loyihasi mavjud. Hozirgi kunga qadar bu maqom Nur-Sulton, Eskishehir, Qozon, Marv, Turkiston, O‘sh va Xiva shaharlariga berilgan.
2021 yilning sentyabr oyida Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “TURKSOY” doimiy kengashining 38-majlisida Turkiya shimoliy-g‘arbidagi Bursa shahri “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” sifatida e’tirof etildi. Xalqaro tashkilot har bir "Turkiy dunyo madaniyati poytaxti" deb tanlangan shaharda tashkilotga a’zo davlatlarning san’ati va madaniyatini ochib beruvchi fotoko‘rgazma tashkil etish an’anasini yo‘lga qo‘ygan. Shu sababli ham Usmoniylar davlatining ilk poytaxti sanalmish Bursa shahri 2022 yil davomida ko‘plab muhim tadbirlarga mezbonlik qiladi.
Buyuk tarixga ega bo‘lgan mazkur shaharda o‘z davrida hunarmandchilik, amaliy san’at, me’morchilik, ilm-fan rivojlangan. Ayni damda go‘zal tabiatga ega bo‘lmish shaharda ko‘plab me’moriy durdonalar saqlanib qolgan.
Bu yil Bursada Jahon ko‘chmanchilarining 4-o‘yinlari, Turkiy dunyoning “Qorqut Ota” Ikkinchi kinofestivali va Turk dunyosi Beshinchi sport festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni damda mintaqadagi turistik sektor vakillari bir qancha xalqaro ko‘rgazmalar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek turk respublikalaridan sayyohlar oqimni ko‘paytirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Bursani turk dunyosining karnaval shahriga aylantirish maqsadida jiddiy ishlar olib borilmoqda.
bugungi kunda Bursa aholisi bo‘yicha Turkiyada Istanbul, Anqara va Izmirdan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda turadi. Eksport salohiyati bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallab turibdi. “Sultonlar shahri” bo‘lmish Bursada ko‘plab turk sultonlarining qabri va 23 ta muzey bor. Shahar yil davomida sayyohlar bilan gavjum. Sayyohlar shahardagi 33 ta tarixiy mehmonxona va bozorlarga alohida hurmat bilan qaraydilar. Shaharning har bir ko‘chasi, binosida turk me’morchiligi va tarixi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Siz o‘zingizni vaqt yo‘lagidan o‘tayotgandek his qilasiz.
Ko‘hna tamaddun beshigi sanalgan Bursa Vifiniya, Lidiya, Fors, Rim, Vizantiya, Saljuqiylar, Usmoniylar kabi davlatlarning boy tarixiga guvoh bo‘lgan. Bursa – muhim savdo shahri. Bu yerda savdo yuragi urib turadi. O‘tmishda Bursa Buyuk ipak yo‘lining yakuniy bekati bo‘lgan edi. bugungi kunda mintaqa YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, Bursa YUNESKOning ijodiy shaharlari ro‘yxatidan ham o‘rin olgan.
Bursa atrofida 5200 yil muqaddam ilk odamlarning qarorgohlari paydo bo‘lgan. Qadimda bu yerda Sius shahri qad rostlagan. 202 yilda shahar nomi Vifiniya viloyatining asoschisi bo‘lmish Prusias sharafiga Prus deya o‘zgartirilgan. 395 yildan 1326 yilga qadar Bursa Vizantiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan. 1326 yilda shaharni turklar egallaydi. 1326—1365 yillarda Bursa yosh Usmoniylar davlatining poytaxti bo‘ldi. Keyinchalik poytaxt Edirne (Adrianopol)ga ko‘chiriladi, ammo Bursa o‘zining ahamiyatini yo‘qotmadi. Shahar mamlakatning savdo va ma’naviy poytaxti bo‘lib qolaverdi.
Usmoniylar davlatining birinchi kumush tangasi bo‘lmish aqcha aynan Bursada zarb qilingan. 1402 yilda shaharga o‘t qo‘yildi. Ammo Bursa qayta tiklandi va Konstantinopol egallagunga qadar mamlakatning asosiy markazlaridan bo‘lib qolaverdi. 1855 yil 28 fevral va 11 aprel kunlari yuz bergan zilzila oqibatida shaharga jiddiy ziyon yetdi.
1923 yilda Turkiya Respublikasi e’lon qilingach Bursa mamlakatning asosiy sanoat markazlaridan biriga aylandi. 1927 yildan 2015 yilga qadar shahar aholisi 30 barobarga ko‘paydi. Ya’ni aholi soni 61 ming kishidan 1 million 800 ming nafarga yetdi.