Burch va sadoqat e’tirofi
Xalq osoyishtaligini asrash, jamoat xavfsizligini ta’minlash va qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining mehnati doimo e’tibor va e’tirofga munosib. Poytaxtimizning Shayxontohur va Yangihayot tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan soha xodimlari sharafiga tantanali tadbirlar o‘tkazildi.
Shayxontohur tumanida tashkil etilgan bayram tadbirida tuman hokimligi mutasaddilari, ichki ishlar organlari rahbariyati, soha xodimlari va faxriylar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan qutlab, ularning jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasidagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatida xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, aholi muammolarini joyida o‘rganish va hal etishga ko‘maklashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, mahallabay ishlash tizimi asosida jamoat xavfsizligini ta’minlash, yoshlar va oilalar bilan manzilli profilaktik ishlar olib borish soha xodimlaridan yuksak mas’uliyat, hushyorlik va fidoyilik talab etadi.
Bayram munosabati bilan xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, jamoat xavfsizligini ta’minlashda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan bir guruh xodimlar taqdirlandi. Ularga tuman hokimining tashakkurnomalari hamda “Vatan” jamoat fondi tomonidan ta’sis etilgan “25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda soha faxriylariga ham alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatildi. Ularning ichki ishlar organlari tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, soha rivojiga qo‘shgan hissasi, boy hayotiy tajribasi va yosh xodimlarga ko‘rsatayotgan ibrati e’tirof etildi.
Yangihayot tumanida ham O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda ichki ishlar organlari xodimlarining qonun ustuvorligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholining tinch-osoyishta hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish yo‘lidagi mas’uliyatli xizmatiga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-32245]
O‘z xizmat burchini sharaf bilan ado etib, kasbiy faoliyatida yuqori natijalarga erishayotgan, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh xodimlar munosib rag‘batlantirildi.
Har ikki tumanda o‘tkazilgan bayram tadbirlari san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari bilan davom etdi. Ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, tantanalarga yanada fayz bag‘ishladi.
Kamola YUSUPOVA,
Asliddin ALIJONOV (surat), O‘zA