Bunyodkorlik uchun sarmoya
Qurilib bitkazilgan koʻp qavatli uy-joylar boʻyicha joriy yil yakuniga qadar 432 ta xonadon uchun 147,2 mlrd. soʻm miqdorida ipoteka kreditlari ajratish kutilmoqda.
Aksiyadorlik-tijorat “Qishloq qurilish bank” Prezidentimizning 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida koʻp qavatli uy-joylarning qurilish ishlarini moliyalashtirib kelmoqda.
Bugungi kunga qadar bank tomonidan koʻp qavatli uy-joylarning qurilish ishlarini moliyalashtirish uchun pudratchilarga 440,7 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi. Eʼtiborlisi,mazkur mablagʻlar evaziga 61 ta koʻp qavatli uylar qurildi va ayrim obyektlarda qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Hududlarda qurilish ishlari davom etayotgan 20 ta koʻp qavatli uy-joylar boʻyicha ajratilgan kreditlar qoldigʻi 186,9 milliard soʻmni tashkil etmoqda.
Eng muhimi, yangiturar-joylarningbarpo etilishiaholining, xususan, yosh oilalarning uy-joylarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga hissa boʻlib qoʻshilmoqda. Ayni paytga kelib “Qishloq qurilish bank” tomonidan 1 708 ta fuqaroga jami 272,1 mlrd. soʻm miqdorida ipoteka kreditlari ajratib berildi. Shuningdek, 880 ta yosh oilaga 89,1 mlrd. soʻm miqdorida ipoteka kreditlari berildi. Qurilib bitkazilgan koʻp qavatli uy-joylar boʻyicha joriy yil yakuniga qadar 432 ta xonadon uchun 147,2 mlrd. soʻm miqdorida ipoteka kreditlari ajratish kutilmoqda.
Davlat rahbari tomonidan 2020-yil 1-mayda imzolangan yana bir muhim hujjat – “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yana-da kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, shahar va qishloq joylarida yangi tartib doirasida koʻp qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etayotgan xususiy pudrat tashkilotlariga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi va kreditlar boʻyicha foiz stavkasining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya toʻlab berilmoqda.
Koʻrilayotgan choralardan asosiy maqsad yurtdoshlarimizning oʻz uy-joyiga ega boʻlishdek ezgu orzu-maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash, yurtimizda inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar rivojiga munosib hissa qoʻshish hamda mijozlarni sifatli bank xizmatlari bilan taʼminlashdan iborat.
Bank axborot xizmati