Bunyodkorlik ishlari – aholi turmush farovonligini oshirmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida og‘ir toifadagi mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Dasturga kiritilgan Birlik, Navoiy, Paxtachi, Yog‘du va Ozod mahallalari infratuzilmasini yaxshilash uchun respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari yo‘naltirildi.
Xususan, Ozod mahallasida aholi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qator loyihalar hayotga tatbiq etildi. Jumladan, 5,9 kilometr ichki yo‘llar asfaltlanmoqda, 0,6 kilometr piyodalar yo‘lakchasi qurildi. Ko‘chalarga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilib, mahalla ahlining xavfsiz va qulay harakatlanishi uchun sharoit yaratildi.
Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida yangi transformator o‘rnatildi hamda 4,2 kilometr elektr tarmog‘i zamonaviy SIP kabellari bilan yangilandi. Shuningdek, 3,3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
[gallery-30898]
Ta’lim sohasida ham muhim ishlar amalga oshirilib, mahalladagi maktab to‘liq ta’mirlandi va qo‘shimcha o‘quv binosi qurildi. Bu esa yosh avlodning zamonaviy va qulay sharoitlarda ta’lim olishiga xizmat qiladi.
Mahallada amalga oshirilayotgan ushbu bunyodkorlik ishlari aholi turmush farovonligini oshirish, infratuzilmani yaxshilash va mahallaga yangi qiyofa bag‘ishlash bilan birga, yurtimiz mustaqilligining 35 yilligiga munosib tuhfa bo‘lmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA