Bulutlar bilan bo‘ylashgan shahar: Kuala-Lumpurdan fotoreportaj
Dunyodagi ayrim shaharlar dastlabki kuzatuvlardan so‘ng o‘zini namoyon etsa, boshqalarini anglash uchun esa uning ko‘chalari bo‘ylab sayr qilish, tongini qarshi olish, tungi chiroqlarini tomosha qilish kerak bo‘ladi. Kuala-Lumpur ana shunday shaharlardan biri. Malayziya poytaxtini bir qarashda anglab bo‘lmaydi. Bu yerda o‘tmish va bugun, sharqona vazminlik va zamonaviy hayot sur’ati uyg‘unlashib, shaharning o‘ziga xos qiyofasini aks ettiradi.
Osmono‘par baland binolar, serqatnov ko‘chalar bo‘yidagi yam-yashil maydonlar, to‘satdan boshlanib, kutilmaganda tinadigan yomg‘ir – bularning barchasi Kuala-Lumpurning kundalik manzarasi.
E’tiborli jihati, bu yerda bir necha daqiqa to‘xtab, atrofga nazar tashlasangiz, vaqtning ikki sohili o‘rtasida turganday bo‘lasiz. Bir tarafda – o‘tmish sukuti, ikkinchi tarafda – shiddat bilan harakatlanayotgan XXI asr.
Jahonga mashhur Petronas egizak minoralari poytaxtning zamonaviy qiyofasini belgilab bergan inshootlardan. Kunduzi ular quyosh nurida tovlanib tursa, oqshomda butunlay boshqacha manzara paydo bo‘ladi. Minglab chiroqlar bilan yoritilgan ikki ulkan minora qorong‘u osmonga chizilgan nurli naqshni eslatadi go‘yo.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/31592]
Shaharning yana bir o‘ziga xos jihati – uning rang-barangligi. Kuala-Lumpurda malay, xitoy va hind madaniyatlari mushtarak holda betakror muhit hosil qilgan. Qaysidir ko‘chada masjiddan azon ovozi eshitilsa, sal narida xitoy ibodatxonasining bezaklari ko‘zga tashlanadi. Yana bir hududda esa hind milliy liboslari va taomlari bilan yuzlashasiz. Umuman olganda, ushbu megapolis kentni suratlarda aks ettirish mumkin, ammo uning haqiqiy ruhini anglash uchun esa Kuala-Lumpurni ko‘rish, kezish va his qilish kerak bo‘ladi.
O‘tkir Alimov, O‘zA
Kuala – Lumpur, Malayziya