Bulungʻurning yangi bogʻlari
Taʼdkilash lozimki, ushbu yoʻnalishda Samarqandda muayyan tajriba toʻplangan.
Joriy yilning 27-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Respublikada tez oʻsuvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metrdan pastda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlarda hamda oʻrmon fondining suv tanqis yoki tuprogʻi shoʻr boʻlgan yerlarida sinov tariqasida 2020-2024-yillarda pavlovniya daraxti plantatsiyalari barpo etiladi.
Jumladan, Samarqand viloyatida ham yogʻoch va yogʻoch qirindili mahsulot ishlab chiqarishni yetarli xomashyo bilan taʼminlash, mebel va pellet (bioyoqilgʻi) ishlab chiqarish sanoati samaradorligini oshirish maqsadida pavlovniya plantatsiyalarini barpo etish uchun 500 gektar zaxira va 148 gektar oʻrmon fondi yerlari ajratilishi belgilandi.
Taʼdkilash lozimki, ushbu yoʻnalishda Samarqandda muayyan tajriba toʻplangan. Bugungi kunda viloyatning Bulungʻur tumanida “Paradays garden of pavlovniya” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 35 gektar yerda pavloniya plantatsiyasi tashkil etilib, ushbu tez oʻsuvchi daraxt nihollari parvarishlanmoqda.
– Oʻtgan yil bu yerga ilk bor koʻchat qadab, yerning holati, tabiiy shart-sharoitlarni oʻrgandik, – deydi jamiyat rahbari Sojida Jabborova. – Hozirda barcha maydonlarimizda nihollar yaxshi rivojlanyapti. Nima uchun bu daraxt tanlangani koʻpchilikni qiziqtiradi. Internet orqali maʼlumot toʻplab, keyin Xitoyga borib tajriba oʻrgandim va pavlovniya koʻchatlarini olib kelib, koʻpaytirishni boshladim. Pavlovniya juda foydali daraxt. Bu birinchi navbatda tez oʻsishi bilan bogʻliq. 100-yilga qadar umr kechiruvchi daraxt har 7-8 yilda kesilganida 4-8-martagacha qayta oʻsib chiqadi. Bu esa yerni tayyorlash va qaytadan koʻchat ekish kabi ortiqcha ovoragarchilik va sarf-xarajatlarga oʻrin qoldirmaydi. Bugungi kunda dunyo bozorida pavlovniya yogʻochining 1 metr kubi 200 dollardan 800 dollargacha baholanmoqda. Narxi kesilgan daraxt yoshiga, diametriga, ishlov berilish darajasiga bogʻliq. Daraxtga toʻgʻri agrotexnik ishlov berilsa, 7 yilda 1 gektaridan 350-500 metr kub sifatli yogʻoch olish mumkin. Pavlovniya yogʻochi mustahkam, ammo yengil. Shu xususiyatiga koʻra, qurilishning barcha sohalarida foydalanish mumkin. Mebel, musiqa asboblari, oʻyinchoqlar ishlab chiqarishda, kemasozlik, samolyotsozlik va avtosanoatda foydalanish mumkin.
Tabiat musaffoligini taʼminlashda ham pavlovniya juda foydali. Keng barglari tufayli bir tup daraxt bir kunda 22 kub karbonat angidridni yutib, 6 kub kislorod chiqaradi. Shuning uchun Yevropada bu daraxtni “kislorod daraxti”, Xitoy va Yaponiyada “imperator”, “ajdar daraxti” ham deyisharkan. Pavlovniya ekilgan ekinzorlar doimo yashnab, havo haroratini 15 darajagacha pasaytirib turadi. Bu ekologlar uchun global issiqlikning oldini olishda noyob topilma hisoblanadi. Ildizi bir yilda 4,5 metrgacha yerga singib boradi. 2-3 yildan keyin uni sugʻorishga ehtiyoj sezilmaydi. Bir yilda oʻsish tezligi 4-5 metrgacha yetadi. Gibrid navi besh yil ichida 1, 1,5 kub yogʻoch beradi. Bundan tashqari, pavlovniya oʻzidan azot ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlib, yerning unumdorligi oshib boradi.
Tadbirkor 200 ming dollar miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga bugun 20 ta ish oʻrni tashkil qilgan. Oqdaryo va Payariq tumanlarida esa yangi koʻchatxonalar barpo etgan. Bulungʻur tumanidagi 20 sotix issiqxonada ham pavlovniya koʻchatlari yetishtirilmokda. Joriy yilning oʻzida 270 ming tup koʻchat respublikamizning turli hududlariga yetkazib berildi.
– Pavlovniya barglari va yosh tanasidan chorva hayvonlarini boqishda foydalanish mumkin – deya soʻzida davom etadi S.Jabborova. – Toʻyimlilik darajasi boʻyicha beda oʻsimligiga juda yaqin. Pavlovniya barglari tarkibida 20 foiz protein boʻladi. Bir yillik yosh nihollar tanasida protein miqdori bundan ham koʻp va shuning uchun, chorva mollari uchun biomassa olish maqsadida ham foydalanish mumkin. Pavlovniya ekilgan 1 gektar maydondan yoz oylariga borib 30-40 tonna sifatli biomassa olish mumkin. Koʻp va uzoq muddat gullab turadi va natijada koʻp miqdorda nektar beradi. Bu esa ob-havo sharoitiga qarab, pavlovniya plantatsiyalarining 1 gektaridan 500 kilogrammdan 1 tonnagacha asal olish imkonini beradi. Eng muhimi, bu daraxtga hashorat tushmaydi va kimyoviy dorilar ishlatilmaydi.
Bargidan yogʻochigacha va hatto oʻsib turgan tuprogʻiga ham foydali boʻlgan bu yangi daraxt plantatsiyalarining koʻpaytirilishi yurtimizda yogʻoch sanoati, qurilish va boshqa sohalar rivojiga xizmat qiladi.